Sizni xafa qilishdi. Qattiq ranjidingiz. Ko‘z yosh ham to‘kildi. Endi qarangki, o‘sha dilozor uzr so‘rab o‘tiribdi… Xo‘sh, siz kechirimli insonmisiz? Testimizni ishlang va maslahatlarimizga quloq tuting.
- Tiqilinch avtobusdasiz. Yo‘lovchilardan biri oyog‘ingizni bosib olsa…
A. «Agar u uzr so‘rasa, miyig‘ida jilmayib qo‘yaman».
B. «Tanbeh beraman».
V. «Biroz surilib turaman».
G. «Men ham uning oyog‘ini bosib olaman».
- Taqdir ekan, ko‘ngil qo‘yganingiz bilan ayrildingiz. Oradan bir yil o‘tgach, u sizni to‘yiga taklif qilsa…
A. «Ahmoq! Bu men uchun qanchalik og‘riqli ekanligini bilmaydimi?»
B. «Borib turgan surbetlik-ku bu!»
V. «U uchun xursand bo‘laman…»
G. «Kimga aza, kimga to‘y, deb shuni aytishsa kerak-da!»
- Yangi ishga kirish uchun suhbatga bordingiz. Qarasangiz, bir paytlari sizni qattiq ranjitgan dushmaningiz — rahbar. Qanday yo‘l tutasiz?
A. «U o‘zini noqulay sezmasligi uchun iloji boricha vaziyatni yumshatishga harakat qilaman».
B. «Bu ikkimiz uchun ham kutilmagan va noxush uchrashuv bo‘ladi-yov».
V. «Kulib so‘z boshlayman».
G. «Xayolimga «Shunaqa katta odam bo‘lib ketibdimi?» degan fikr kelishi aniq».
- Tasodifan eski qadrdoningiz bilan ko‘rishib qoldingiz. Qariyb besh yildan buyon u haqda hech qanday ma’lumotga ega emasdingiz.
A. «Birinchi navbatda, shuncha vaqtdan beri qaerlarda yurganini so‘rardim».
B. «Ko‘rishganimdan xursand bo‘laman!»
V. «Oldingidek munosabatda bo‘lishim qiyin».
G. «Besh yil men uchun katta muddat. Uni bir qarashda tanisam ham katta gap!»
- Yaqiningiz, deylik, umr yo‘ldoshingiz sizning nomingizga kelgan maktubni o‘qisa, tilingizga ko‘chuvchi birinchi jumla?
A. «Tasodifan mening pochtamni titkiladingiz, shekilli-a?»
B. «Tushunaman, sizning cho‘ntak kavlashdan boshqa tashvishingiz yo‘q!»
V. «Bu meniki-ku!»
G. «Bu voqeadan keyin sizga qanday ishonishim mumkin?»
- Oila a’zolaringizdan biri juda ko‘p pul sarflayotganingizdan achchiqlansa…
A. Xushmuomalalik bilan o‘zingizga yarasha istak-xohishlaringiz, chiqimlaringiz borligini tushuntirasiz.
B. Asabiylashasiz.
V. Nimaga, qaerga, qancha — hisobot berishga erinmaysiz.
G. Uni tushunishga harakat qilasiz.
- Nimani kechirishingiz qiyin?
A. «Kimdir mening taqdirimni hal qilmoqchi bo‘lganini».
B. «Va nihoyat, mavzuga oid savol berdingiz! Yaxshilab o‘ylab olay!»
V. «Birovning aybi uchun meni jazolashganini unutolmayman».
G. «Kuchli asabiy holatga sababchi bo‘lganlarning uzrini qabul qilolmasam kerak».
- Qachonlardir ko‘nglingizni og‘ritgan kishi sizdan uzr so‘rasa…
A. «Jahlim yomonam chiqadi-ki».
B. «Zarda qilaman».
V. «Tushunishga harakat qilaman. O‘zim ham kimgadir ozor yetkazgan bo‘lishim mumkin-ku axir!»
G. «Uning holati his qilib, qiynalaman».
- Siz bilan munosabatlari sovuqlashgan insonning boshiga tashvish tushsa, xayolingizga qanday fikr keladi?
A. «Yomonlik jazosiz qolmaydi, deganlari shu-da!»
B. «Yaxshi ish bo‘lmapti».
V. «U bilan nimalar sodir bo‘lishining menga umuman qizig‘i yo‘q».
G. «Qaytar dunyo, nima ham derdim?!»
- Qalbingizga ozor yetkazganlarga qarata nima deysiz?
A. «Mening kunim boshingizga tushgandagina, qanchalik dilimni og‘ritganingizni tushunasiz».
B. «Umid qilamanki, bu xatoni ikkinchi takrorlamaysiz».
V. «Bir kun afsuslanasiz hali…»
G. «Ko‘rishga ko‘zim yo‘q!»
Javoblarni hisoblang
Natija
10-17 ball: «Kechirish?! Hech qachon!»
Siz uchun kimnidir avf etish juda mushkul masala. Yolvorib uzr so‘rashsa-da, kechirishingiz amrimahol. To‘g‘ri, jahlingiz chiqqanda asablaringizni jilovlab, odobli kishi qiyofasiga kirasiz. Ammo bu bilan bor g‘azabni ichga yutasiz va ikkinchi shu odam bilan duch kelmaslikni istaysiz. Ammo bu hayot, u tasodiflarga boy.
Masalahat: sizni ranjitishdimi, yaxshi so‘z bilan xafagarchilik sabablarini tushuntiring. Shunda vaqtida muammodan xalos bo‘lasiz va bor alamni ichingizga yutib, asrab yurmaysiz. Dilingizga ozor bergan kishi bilan aloqalarni ko‘zni chirt yumib uzib ketaversangiz, butunlay yolg‘izlanib qolishingiz xavfi bor, axir.
18-24 ball: qadamma-qadam
Dilozorlikdan avvaliga ruhan qiynalasiz. «Nega?» «Nahot?» kabi savollar ichida qolasiz. Keyin yaralarni davolashga kirishasiz. Bu yo‘lda dilozorga bor alamingizni to‘kib solishishingiz ham hech gapmas. Shu bosqichdan o‘tgachgina, xafagarchilikka sabab bo‘lgan voqeani xotirangizdan o‘chirib tashlab, munosabatlarda yangi sahifa ochasiz.
Maslahat: shu tarzda davom eting. Axir bu taktika sabab siz jafokashga nisbatan ko‘nglingizda gina saqlamaysiz va uni ayblashga kuch sarflamaysiz. Faqat hammasiga oydinlik kiritish bosqichida hissiyotga haddan ziyod berilmasangiz, bas.
25-31 ballgacha: «Men sizni kechirdim!»
Xuddiki qo‘ng‘iroq qilishganida, go‘shakni ko‘tarish lozimligi kabi uzr so‘rashsa, kechirish kerak! Ha, siz uchun bu qiyinchilik tug‘dirmaydi. Munosabatlardagi katta va kichik tushunmovchiliklar sizni osonlikcha chetlab o‘tadi: o‘ch olish, jahl qilish xayolingizga ham kelmaydi. Aksincha, dilozoringiz uchun o‘nlab sabab topasiz va hatto hamma aybni o‘z gardaningizga olasiz. Kechirimliligingiz — himoya vositangiz. Chunki yo‘qotishlarga yo‘q odamsiz. Buning ustiga yer yuzida pastkash odamlar yo‘qligiga ishongingiz keladi.
Maslahat: inson kechirimli bo‘lishi kerak, albatta! Ammo sizning ko‘ngli bo‘shligingizdan hadeb foydalanaverishlariga yo‘l qo‘ymang. Ayniqsa, tuyg‘ular haqida gap ketganda.
32-40 ballgacha: «Kechirmasdan ilojim qancha?»
Bir qarashda, kechirgandeksiz… ammo so‘z va amallar orasida chegara qurgansiz. Qanday deysizmi? Odob yuzasidan kechirasiz, chunki bu sizga bolalikdan tarbiya, jamiyatda qabul qilingan me’yorlar ta’sirida singdirilgan. To‘g‘ri yo‘l tutish borasida boshqalarga o‘rnak bo‘la olasiz, biroq harakatlaringizda nomutanosiblik bor: ich-ichingizdan sizni xafa qilgan isonning tanobini tortib qo‘yishni istaysiz.
Maslahat: aslida nimalarni his qilayapsiz? Shunga oydinlik kiriting. Ko‘nglingizdan kechayotganlarni sizni xafa qilgan kishiga ayta olmasangiz, kundaligingizga yozing. Unutmang, hech kim bilan majburan munosabat qurolmaysiz. O‘rtadagi jarlikning katta-kichikligiga qarab, bir qarorga keling.
Fikr bildirish
Sharhlash uchun siz saytga kirishingiz lozim.