Munosabatlaringiz risoladagidek, onda – sonda bo‘lib turadigan kelishmovchiliklarni aytmasa, havotirga o‘rin yo‘q. Biroq shunda ham yoringizning mehr-muhabbatini yanada kuchliroq his etishni istaysiz. Ammo holva degan bilan og‘iz chuchimaydi-da. Chindan ham tuyg‘ularingizni alanga olishini istasangiz, diqqat qiling.
Ko‘proq suhbatlashing! «Dadasi, guruchning tagi ko‘rinib qoldi», «Uy to‘lovlarini to‘lab qo‘yasizmi?» kabi mavzular ishdan toliqib kelgan erkakninng romantik kayfiyatini so‘ndiradi! U sizga e’tibor berishini istayapsizmi, suhbat uchun boshqa mavzu o‘ylab toping. Dugonangizdan eshitgan biror kulguli voqeani so‘zlab berasizmi, yoki televizorda ko‘rgan ko‘rsatuvingizdan qanday ta’sirlanganingiznimi, xullas so‘zlaringizdan labida tabassum paydo bo‘lsin. Qoshlari chimirilib, ko‘zlari pirpiramasin-a. Shu tobda Merlin Monroning bir iborasi yodimga tushdi: «Erkak kishining kayfiyatini chog‘ qilishga erishsangiz, barcha istagingizni muxayyo qiladi!»
Yelkasiga boshingizni qo‘ying. G‘alati eshitildi-a, lekin aniq ish beradi. Ammo bu «operatsiya» uchun qulay vaqtni topishingiz kerak. Achchig‘i chiqib turganida yelkasi tugul yaqiniga ham yo‘latmasligini unutmang-a. Masalan, televizor tomosha qilayotganida yoniga asta o‘tiring-da, qo‘llarini qo‘llaringiz orasiga olib, asta silang. So‘ng yelkasiga oxista boshingizni qo‘yib, hech nima bo‘lmagandek o‘tiravering. Bir safar hayron bo‘ladi, keyingisida «Tinchlikmi» deb so‘rab qolar, navbatdagilariga esa O‘RGANADI!
Tongni bo‘sa bilan qarshilang! Turmush o‘rtog‘ingiz uyqudan ko‘zlarini ochmasidan ilgari, yoniga asta o‘tiring-da, sochlarini silang. Seskanib ketdimi, endi lablariga yengilgina bo‘sa ulashing-da, qulog‘iga shipshib qo‘ying. «Agar hoziroq joyingizdan turmasangiz, bir soat yotoqxonada qamal qilinasiz»
Erkakning ko‘ngliga yo‘l…. Oshqozonidan boshqa yo‘llar ham bor, agar izlab topsangiz. Misol uchun hissiyotlarga boy kecha, tun yarmidan o‘tganidagi sog‘inch onlari yoki quyoshni birga qarshi olish. Istasangiz bahonalarning ming xilini topolasiz. Xohish, tasavvur va kayfiyat bo‘lsa bas.
Fikr bildirish
Sharhlash uchun siz saytga kirishingiz lozim.