Bugun osongina, ammo juda qiziq testni ishlaymiz. Natija esa quvonarli bo‘ladi — imkoniyatlaringiz va ularni zanjirlab turgan sabablarni bilib olasiz. Qani, imkoniyatlaringiz olamiga ketdik? Samolyotdami yo mashinada, deysizmi? Buni o‘zingiz hal qilasiz.
Yo‘riqnoma
Quyidagi oltita suratdan faqat bittasini tanlang. Birinchi e’tiboringizni tortgani, sizni ko‘proq o‘ziga jalb etgani va ulardan qay birini boshqarishni istashingizga qarab, albatta.Keyin tanlovingizga berilgan ta’rifni o‘qing.
Velosiped
Kamina mana shu transport vositasini haydashni hech o‘rgana olmadim-da. Qo‘rquv bor! Ammo sizni bir paytlari shayton arava, deya ayrimlarni tahlikaga solgan velosipedni uchirib haydashingizga ishonamiz. Yo‘g‘-a, deyayotgan bo‘lsangiz, adashasiz. Axir bir ishga kirishdingizmi, uddasidan chiqmaguncha qo‘ymaydiganlar toifasidansiz-ku. Sizga velosipedda uchish ish bo‘libdimi? Faqat bir kamchiligingiz bor-da, istagan cho‘qqingizga chiqishingiz uchun o‘z kuchingizgagina tayanishingiz kerakligini ba’zida unutib qo‘yasiz. Atrofdagilardan yordam ta’ma qilish, ularning ko‘magini kutish sizga umuman yarashmaydi. Axir jur’atli, orzulari ushalishiga ishonuvchi insonsiz! Demak, olg‘a!!! O‘zingizni qo‘lga oling, kuchingizga ishoning. Qat’iyat, mehnatkashlik va iroda sizni g‘alaba sari yetaklaydi. Uyg‘oning, sizni buyuk ishlar kutmoqda. Yo‘lingiz esa tekis va ravon, velosipedni qat’iyat bilan uchirib haydashingiz mumkin. To‘siqqa duch kelsangiz, uni aylanib o‘tishni eplaysiz.
Mashina
«Ana mashinam, mana, mashinam, bittasiga o‘tiring, madam!». Bu qo‘shiqni bekor tilga olmadik. Ana shu taronadagi kabi sho‘xlik, xonanda Jahongir Poziljonovnikidek tezkorlik, harakatchanlik, tavakkalchilik fe’lingizga begonaroq. Juda mayda qadamlar bilan, sokin harakatlanasiz. Yursammi-yurmasammi deb ko‘p o‘ylanasiz. Mashinalar yo‘lida emas, maqsadlaringiz sari, albatta! Go‘yoki shoshadigan joyingiz ham, unga yeltuvchi biror vosita ham yo‘qdek. Imkoniyatlaringizni nafaqat to‘g‘ri baholay olmaysiz, ularni umuman ko‘rmaysiz. Tezlikni oshiring, jadallashing. Axir hayot har doim ham bir tekis kechmaydi. Bugun harakat qilib qolmasangiz, ertaga ayni bahorda qor yog‘ib, ta’bingizni xira qiladi. Bemaqsad yashamang, nimalarni istaysiz, kelajagingiz qanday bo‘lishini xohlaysiz — aniqlashtirib oling-da, katta qadamlar bilan ikkilanmasdan, qo‘rqmasdan harakatni boshlang.
Avtobus
Demak, sizning chiptangiz poezdga. Marhamat, joyingizga qulay o‘rnashib oling. Ahvollaringiz qalay? Kayfiyatlar-chi? Ko‘nglingiz nima tusaydi? «Meni hech kim bezovta qilmasin», deysizmi? Nega? Nima uchun yoningizda shuncha dilkash insonlar bo‘lsa-da, ulardan o‘zingizni olib qochasiz. Begonalar o‘z yo‘liga, ammo negadir yaqinlaringizning fikri, ularning hayotingizda tutgan rolini ham goh-gohida emas, deyarli hamisha e’tiborga olmaysiz. Faqat o‘zingiznikini to‘g‘ri deysiz, mustahkam devor bilan o‘ralgan qal’angizga qamalib olasiz. Yon-veringizga bir nazar soling, yaqin-uzoq tanishlarning fikr-mulohazalariga ham quloq tuting. Shunda qo‘lingizdan nimalar kelishini tahlil qilish imkoniga ega bo‘lasiz. Bu esa omad sari sizni yetaklasa ajabmas.
Yaxta
Siz erkin qushsiz! O‘z olamingizda uchib yuraverasiz. Atrofingizda nimalar sodir bo‘layapti, beparvolik bilan qaraysiz. Deyarli ularga qiziqmaysiz ham. Іamma narsaga aql bilan yondashish, his-tuyg‘ularni bir chetga surib qo‘yish — prisipingiz. Sizni maqsadingizdan chalg‘itish tugul xato yo‘ldan qaytarmoq ham dushvor. Aniq rejalar bilan ishlashingiz, o‘z fikringizda sobit turishingiz bir tomondan yaxshi. Ammo osmon uzilib, yerga tushsa ham, ikki oyog‘ingizni bir etikka tiqib olishingiz qanchalik o‘rinli? Boshi berk ko‘chaga duch kelganda, boshqa chiqish yo‘llarini izlab ko‘ring. Yo‘q, men shu devorni oshib o‘tishim shart deya, uning yonida umringizni o‘tkazishni istamassiz, axir. Bir rejangiz amalga oshmadimi, uning atrofida o‘ralishib qolmang, qo‘lingizda minglab imkoniyatlar bor, ularni ishga soling.
Samolyot
Kumush qanotli qushni tanlabsizmi, demak, siz doim baland parvozlarni ko‘zlaydigan insonsiz. Tasavvur olamingiz shunchalik kengki, pushti ko‘zoynakni taqqancha uni aylanib yuraverasiz. Real hayotga qaytish esa xayolingizning bir uchiga ham kelmaydi. Tag‘in hamma istaklaringizni qulflog‘liq sandiqda saqlaysiz. Kimdir ulardan xabar topsa, sizni kalaka qiladigandek. Siz mo‘’jiza yuz beradi-yu, hammasi o‘zgaradi, orzular ushaladi, deya xayol qilasiz. Biz bu hayot mo‘’jizalarga to‘la ekanligini inkor etmaymiz, lekin ko‘zlagan manzilga yetish uchun amaliy harakatlar qilish kerakligi ham ayni haqiqat. Xayolparstligingiz, osmonlarda uchib yurishingiz tufayli ikmoniyatlaringiz chegaralangan. Qani, bir yerga qo‘nib oling-chi! Bo‘lmasa, qora bulutlar hunar ko‘rsatib, osmoningizda ahvol og‘irlashadi. Bugundan, vaqtni boy bermasdan maqsadlaringiz va imkoniyatlaringizni ko‘rib chiqing, puxta rejalar bilan ularni amalga oshirish uchun harakatni boshlang.
Fikr bildirish
Sharhlash uchun siz saytga kirishingiz lozim.