Sizga bir savolim bor: siz o‘zingiz bilan gaplashasizmi?
Miyangizda tug‘ilgan fikrlar bilan so‘zlashganingizda, bu ovoz qanday kuchga ega. Bu ovoz sizning qulog‘ingizga yoqimli tovush bilan yangraydimi? Har doim biror inson bilan gaplashishdan oldin, miyangizda fikrlar shakllanadi. Bu fikrlar ovozga ko‘chadi va atrofdagilarning eshitishiga taqdim etiladi. O‘sha ovoz paydo bo‘lishidagi jarayon sizga ma’qul kelishi kerak. O‘sha ovoz rangi, jilosi, tabiati, kayfiyati orqali o‘zingizni tashqi olamda taqdim etasiz.
O‘zingiz bilan gaplashish qanchalik sizga maroqli bo‘lsa, tashqaridagilar ham sizni maroq bilan tinglashadi. O‘zingiz bilan gaplashganingizda bema’ni xayollar deb baho bersangiz, atrofdagilar sizga “bema’ni odam bu” deb baho berishadi. Ichki so‘zlashuvda “jinnimisan!”, “o‘zi ahmoqman” degan noloyiq gaplar bilan gaplashsangiz, bu so‘zlar sizning tilingizdan boshqalarga nisbatan ham chiqib ketadi va “o‘zi jinnibashara odam bu!” degan gaplarga qolasiz. Ichki so‘zlashuvda siz yig‘lab bersangiz, tashqi olamda ham sizni yig‘latishadi. Bu o‘yin har kuni sizning ichki so‘zlashuvingizni, tashqi olam siz bilan so‘zlashuviga aylantiradi. “Voy, bechoragina”, “Men bechora”, “Xo‘rlanganlarim…” deb ichki so‘zlashuvga baho bersangiz, hayot yo‘llari sizni chorasiz va xo‘rlangan joyga yetaklaydi.
Ichki so‘zlashuv maydonida podshoh bo‘ling, bu urish ochuvchi shoh bo‘lmasin. Ichki so‘zlashuv maydonida tabassum qiling, bu masharavozlik bo‘lmasin. Ichki so‘zlashuv o‘yinida ma’noli gaplar gapiring, bu be’mani g‘iybat bo‘lmasin. Ichki so‘zlashuvda gapingizga javob bersangiz, tashqi so‘zlashuvda o‘ziga javob beradigan odamlar uchraydi. Ichki so‘zlashuvda o‘zingizni baxtli his qilsangiz, tashqi olam sizga baxtli ovozlar jo‘natadi. Imtihonda esa “Siz g‘olibsiz!” deyishadi.
Fikr bildirish
Sharhlash uchun siz saytga kirishingiz lozim.