Ustuvor vazifalarni belgilab oling.
Aksariyat kishilar o‘zining bor kuchini ishiga yoki bolalariga sarflab, oilaviy majburiyatlarni unutib qo‘yishadi. Ayniqsa, bayram kezlarida muhimdan muhim ishlar ko‘payib ketadiki, ular bilan o‘ralashib, yaqinlar esdan chiqib qolishi mumkin. Birinchi navbatda ularni yo‘qlash, hollaridan xabar olish, ko‘ngillariga ma’qul bo‘ladigan so‘zlarni gapirish lozim.
Hamkasblarni ham nim tabassum bilan tabriklash samimiy munosabatga asos yaratadi.
Har kuni yuzma-yuz muloqotga vaqt toping.
Har kuni, hatto yumushlar qaynab-toshadigan bayram kunlarida ham, oilangizning har bir vakilini e’tibordan chetda qoldirmaslik, yumushlari, muammolari bilan qiziqish juda muhim. Bu oson emas. Lekin, vaqt topsa bo‘ladi. Masalan, ertalabki nonushta paytida…
Xarakterlardagi farqlarni hurmat qiling.
Har qanaqa munosabatda yaqinlaringizning xarakterlaridagi o‘ziga xos taraflarini tushunishga va qabul qilishga harakat qiling.
Hech qachon ayblamang. Muhokama qilmang. Gapirmoqchi bo‘lsangiz ko‘ngliga tegmaydigan qilib, xush muomalada bo‘ling. Bu albatta sabr-toqatni talab qiladi. Ularga atab sovg‘a xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, bularni albatta e’tiborga oling.
Yaqiningizga ko‘nglidagilarini aytib olishiga imkon bering.
Jahl vaziyatni keskinlashtiradi, xolos. Bu esingizdan chiqmasin. O‘z nuqtai-nazaringizni bayon qilishdan oldin yaqiningizni e’tibor bilan tinglang. Dilidagi gaplarini chiqarishiga imkon bering. So‘zini tugatgach, shaxsiy hissiyotlaringizni bir chekkaga uloqtiringda, o‘zingizni uning o‘rniga qo‘yib ko‘ring. Tushunishga intiling. Uning uchun sizning tushunishingiz juda ham muhim.
“Senga o‘z sevgimni qanday bayon qilsam ekan”, deya so‘rashga tortinmang.
Inson odatda o‘z muhabbatini o‘ziga yoqqan holatda bayon qilishi, bu esa qabul qiluvchiga erish tuyulishi mumkin. Ruhshunoslar “Senga o‘z sevgimni qanday bayon qilsam ekan”, deb so‘rashdan tortinmaslik kerak, sevgi-muhabbatni esa 5 usulda izhor qilgan ma’qul, deyishadi. Qo‘llaridan ushlab, ko‘zlariga qarab “Men seni yaxshi ko‘raman”, “Juda go‘zalsan”, “Sen bilan faxrlanaman” degan so‘zlardan birini aytishni, axlatni tashlab kelish, oshxonani yig‘ishtirishda ko‘maklashish kabi ishlarda amaliy yordam berishni va sovg‘alar berishni tavsiya qilishadi.
Yaqiningizga orzularini amalga oshirishiga ko‘maklashing.
Har bir odamning dilida nozik orzulari bo‘ladi. Bu niyatlarini amalga oshirishiga yordam bersangiz, bu haqiqiy, sof, samimiy munosabatlarning asosiga aylanadi. Ruhshunoslar odamlar bir – birlariga o‘zlarining quvvati va iqtidoriga ishongan holda qarashsa va bir-birlariga orzularining amalga oshishiga ko‘maklashishsa, bunday munosabatlar o‘ta chuqur va ishonchli bo‘ladi, deya uqtirishadi. Ularning fikricha, yaxshi, samimiy munosabatlar asosida 1% ilhom va 99% mehnat turadi!
Fikr bildirish
Sharhlash uchun siz saytga kirishingiz lozim.