Ba’zan turmush o‘rtog‘ingiz o‘zini shunday tutadiki, kulishni ham, yig‘lashni ham bilmay qolasiz…
- Uning suhbatlari muhimroq
O‘zi telefonda soatlab «muhim» narsalar haqida gaplashib o‘tiradi. Lekin siz 10 daqiqadan ko‘p gaplashib yuborsangiz, ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketadi. Jahlingiz chiqmasin! Albatta, bu adolatsizlik, fikringizga qo‘shilamiz… Lekin nima ham qilardik —telefonda yotib olib gaplashish ayollarga xos ish degan gap ularning qon-qoniga singib ketgan.
- «Yoqimli» syurpriz
Qahramoningizning bugun kayfiyati yaxshi va siz uchun maxsus qo‘lbola palov damlab bermoqchi! Qanday yaxshi! Lekin oshxona u palov damlagandan keyin bomba portlagan maydonga aylanadi! Stollarning usti, pol va hatto devorlarga ham yog‘ sachragan, ikki kishi uchun to‘rtta lagan, sakkizta likopcha va 10 ta qoshiq ishlatilgan! Eng qizig‘i shef oshpazning nazarida oshni u tayyorlagandan keyin, oshxonani tozalash sizning zimmangizda bo‘lishi kerak. Jahl qilishga shoshilmang! Agar oz bo‘lsa-da, yig‘ishtirishga yordam bersa, yaxshi, agar yordam berishni istamasa, bu kabi syurprizlar sizga unchalik hush kelmasligini ta’kidlab qo‘ying…
- Birvarakayiga ikki ish…
Quyidagi manzara barcha ayollarga tanish bo‘lsa kerak, aytaylik, turmush o‘rtog‘ingiz bilan biror joyga yo‘l oldingiz, kutilmaganda u to‘xtab, qiziq voqeani gapira boshlaydi. Katta ko‘chada qaqqayib turmaylik, deb shuncha tortqilasangiz ham joyidan jilmaydi! Jilmaying! Aksariyat erkakalar shunday yaratilgan. Ular ikki ishni birdan qila olishmaydi. +am yurib, ham gaplashish osonmi sizga?
- Yaxshi tomonga o‘zgarishi uchun…
Iflos paypoqlar, futbolkalar… U yechgan narsasini duch kelgan joyga tashlab ketib o‘rgan. Kir kiyimlar hatto vannaxonagacha ham yetib bora olmaydi. Shoshmang! Siz uning enagasimassiz. Agar u oddiy qoidalarga ham rioya kilmas ekan, o‘z holiga qo‘ying, toza paypoqlar tugasa, e’tirozlaringizni o‘ylab ko‘radi…
- Sho‘rlik bemor
Erkakka va uning salomatligi – odamzotning ochilmagan jumboqlari sirasiga kiradi. Agar unga jiddiy kasalliklar tahdid solib turgan bo‘lsa, og‘riqdan ikki bukchayib qolsa ham, qaysarlik bilan shifokorga borishdan bosh tortib turib oladi. Lekin (Xudo kursatmasin!) tomog‘i og‘risa yoki yo‘talsa bormi… Shu zahoti ko‘rpa-to‘shak qilib, inqillab yotib oladi. Uni ko‘rib, shamaollagan emas, og‘ir dardga chalingan deb o‘ylash mumkin. Ehtiyot bo‘ling! Albatta uning oh-vohini eshitib, peshanangizni tirishtirishingiz mumkin. Lekin kasalni o‘tkazib yubormay shifokorga borishga ko‘ndirishingiz kerak. Chunki erkaklar bu vazifani ham, ya’ni o‘z salomatligiga e’tibor berishni ham ayollarning zimmasiga yuklab qo‘yishgan. Nima ham qilardik….
- Bilimdon maslahati
Bir paytlar maktab davrida arsloningiz futbol o‘ynagan va shu sabab hanuz o‘zini sportning eng kuchli bilag‘oni deb hisoblaydi. Har gal futbol matchi boshlanganda televizor qarshisida o‘tirib olib, noshud o‘yinchilarni so‘kib, maslahatlar berib, qichqirayaptimi? Qo‘yavering! Ichidagi yig‘ilib qolgan salbiy hislarni shu futbolga to‘kib solsin. Sizga foyda-ku.
- Buyuk tadqiqotchi
Aytaylik, siz komp’yuterdagi oddiy narsani tushunmadingiz, masalan, bir dasturning yorlig‘ini «ish stoli»ga chiqarish kerak. Lekin bu «murakkab» ishni bajarish uchun qisqa va tushunarli javob olish imkoniyatingiz yo‘q. Chunki turmush o‘rtog‘ingiz shu arzimagan narsani ham qiyin terminlar bilan bir soat tushuntiradi va natijada siz baribir hech nimani tushunmaysiz. Agar antivirus o‘rnatib berishini so‘rasangiz-chi, butun dasturni boshqatdan ko‘rib chiqadi. Dahshat… Lekin jahl qilmang. Axir u sizga yaxshi bo‘lishini istagandi. Texnika erkak kishida tadqiqotchilik ruhini uyg‘otsa, u aybdor emas-ku! Xalaqit bermang, izlanishlarini oxiriga yetkazaversin. Ungacha esa bemalol ro‘zg‘or ishlaringizni bajarib kelavering. Oxirida rahmat aytishni ham unutmang.
Shunaqa! Oilam xotirjam bo‘lsin desangiz, «arzimagan» narsalarga asabingizni buzib o‘tirmay, murosa qilishni o‘rganing.
Fikr bildirish
Sharhlash uchun siz saytga kirishingiz lozim.