🔆Yangi xobbi topamiz!
Yozgi ta’til – biron yangi mashg‘ulot boshlashning ayni vaqti. Axir, shoshadigan joyimiz yo‘q, vaqt yetarli. Astronomiya to‘garagimi, yog‘och o‘ymakorligimi – farqi yo‘q, asosiysi bolangizga yangi mashg‘ulot boshlashiga yordam bering.
🔆Xar yakshanba – yangi ertak
Dam olish kunlari ma’lum bir ertakka bag‘ishlangan mavzuli kechalar tashkil qiling. Masalan, «Kelayotgan yakshanba «Qizil qalpoqcha» ertagiga sayohat qilamiz» deya e’lon qilasiz. Bolalar hafta davomida shu kunga hozirlanishadi, kostyumlar, dekoratsiyalar tayyorlashadi. Yakshanba kuni kechani o‘tkazasiz va yanagi yakshanbaning mavzusini e’lon qilasiz. Nafaqat ertak, balki mul’tfil’m, fil’mlarni ham mavzu qilib olish mumkin.
🔆Harakatli o‘yinlar o‘ynang
Afsuski, hozirgi bolalar bunday o‘yinlardan ancha uzoqlashib ketishgan. Ammo ular yangilikka o‘ch, unutilgan o‘yinlarni (chillak, jama, lapta va h.k.) qaytdan o‘rgatsangiz, jon deb o‘ynashadi. Shuningdek, zamonaviy harakatli o‘yinlar (masalan, tvister) ham ularga yoqadi. Ular bolalarning nafaqat jismoniy, balki ijtimoiy jihatdan ham rivojlanishiga yordam beradi, ularda jamoa bo‘lib ishlash, tengdoshlar bilan muloqot qilish malakalarining shakllanishiga yo‘l ochadi.
🌀Sayr qiling
Shunchaki oddiy sayr emas, ma’rifiy bir tadbir bo‘lsin. Masalan, kechqurun salqinda ko‘cha aylanib yurib, tabiat hodisalari, o‘simliklar, hasharotlar haqida bolaga qiziqarli faktlarni so‘zlab berasiz (avvaldan sayrga tayyorgarlik ko‘rasiz, albatta. Internet, kitob titish degandek…) Yozda ko‘pgina tabiat hodisalari, o‘simliklar, qushlarni tabiiy holda ko‘rsatib tushuntirish imkoniyati katta.
🌀Birinchi asarini yozsin
Agar farzandingiz adabiyotga qiziqsa, turli insholar, hikoyalar, she’rlar mashq qilib tursa, unga kundalik daftar tutishni maslahat bering. Voqealarga boy ta’til kunlari boshlamasa kundalikni, qachon boshlaydi? Kundalik kelajakdagi ijodiy ishlarda juda asqotishini bolangizga tushuntiring. Qarabsizki, ta’til so‘ngida kichkinagina kitobcha tayyor bo‘lib turibdi-da. Uni kitob shaklida bir nusxada chop ettirib berishingiz mumkin (zamonaviy poligrafiya bunga imkon beradi)
⚜️Ko‘rgazmalar tashkil qiling
Farzandingiz foto olishga qiziqadimi? Unda mobil’ telefon yoki arzonroq kamera yordamida o‘z fotoko‘rgazmasini yaratsin. Rasm chizishga qiziqsa, rasmlar ko‘rgazmasi, tikishga qiziqsa liboslar, o‘ymakorlik yoki kulolchilikka ishtiyoqi bo‘lsa – amaliy san’at ko‘rgazmalarini tashkil qilish mumkin. Ushbu ko‘rgazmalar, shunchaki, xovlida yoki mehmonxonada o‘tkaziladi va unga oila a’zolari hamda bolaning do‘stlari taklif etiladi. Tadbirdan fotohisobotlar tayyorlasangiz, maktabga borganida tengdoshlariga maqtanadi, yil davomida eslab yuradi.
📚Kitob o‘qiting
Bu hech qachon eskirmaydigan va koni foyda mashg‘ulot. Kitoblarni did bilan tanlab bering. Bola duch kelgan narsani o‘qiyvermasin. hozir uning xotirasi yaxshi, uni turli adabiyot chiqindilari bilan to‘ldirmang, haqiqiy durdona asarlarni topib bering. Bu borada o‘zingiz ma’lumotga ega bo‘lmasangiz, biladigan odamlardan so‘rang. hozir internetda ham «Bolalikda o‘qilishi lozim 20 ta zarur kitob» singari kitoblar reytinglari ko‘p. Kitob bozori esa bolalar uchun xilma-xil kitoblarni taklif etadi. Tanlashda nafaqat nasriy, she’riy asarlarga ham e’tibor bering.
🎲🎳Aqlli o‘yinchoqlar tanlang
Olaylik, farzandingiz ko‘chaga chiqishni, o‘rtoqlari bilan o‘ynashni yoqtirmaydi. Uni uyda komp’yuter, planshet, telefon, televizor singari turli gadjetlar bilan yolg‘iz qoldirmang. Mozaika, pazl, konstruktor singari har xil aqlli o‘yinchoqlar olib bering. Shaxmat va shashka o‘ynashni o‘rgating.
Uyingizni yangicha dizayn bilan bezang.
Fikr bildirish
Sharhlash uchun siz saytga kirishingiz lozim.