Zamonamiz kishisining hayoti tez o‘tmoqda. Har kuni qilishimiz kerak bo‘lgan ishlarimiz va majburiyatlarimiz juda ko‘p. Ruhshunos.uz nafaqat ishingiz, balki shaxsiy hayotingizni izga solishga yordam beruvchi 10 muhim ko‘nikmani o‘zlashtirishni tavsiya qiladi. Eng yaxshisi, bularga bor-yo‘g‘i 10 daqiqa vaqt ketadi.
Meditasiya
Atigi 10 daqiqa ichida siz o‘y-fikrlaringizni tartibga keltirib, miyangizni tinchlantirishingiz mumkin. Meditasiya samaradorlikni ham oshiradi: unga sarflangan vaqt diqqatingizni jamlashga ko‘maklashadi.
Salomatlik
Idorada, bir joyda o‘tirib ishlovchi kishilarning butun tanasi – ko‘zlar, yelkalar, qo‘llar ortiqcha ishlashdan jabr ko‘radi. Atigi o‘n daqiqa vaqtingizni yengil jismoniy mashqqa ketkazing: bu kelgusida jiddiy kasalliklarga yo‘liqmaslik uchun zomin bo‘ladi.
Vaqt bloklari
Har bir yumushga muayyan bir vaqt ajrating – hattoki biror narsaga ulgurmayotgan bo‘lsangiz ham rejadan voz kechmang. Bir haftalik tajribadan keyin aqlingiz tezroq ishlay boshlaydi. Shunda o‘zingiz ham vaqtni aniq his qilish va arzimagan narsalarga chalg‘imaslikka o‘rganasiz.
O‘qish tezligi
Ko‘pincha oz vaqt ichida ko‘p ma’lumotni o‘zlashtirishimizga to‘g‘ri keladi. Tez o‘qish va ma’lumotlarni tez qabul qilishni o‘rganing – bu u qadar qiyin emas. Noodatiy texnikalardan biri audiokitoblardan foydalanishni ko‘zda tutadi.
Erudisiya
Erudisiyani muntazam oshirib borish uchun 10 daqiqagina vaqt yetarli. Masalan, kunni Vikipediyadan bir necha faktlarni o‘qish bilan boshlang – bir haftada so‘nggi oylarga nisbatan ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lasiz.
Vazifalarni taqsimlash
Bu punkt katta hajmdagi ma’lumotlar bilan ishlovchi kishilarga taalluqli. Avvalo, qilinadigan ishlarning eng muhimlarini ajratishni o‘rganing. Shundan so‘ng nimani aynan o‘zingiz bajarishingiz kerakligi va nimani hamkasblarga ishonib topshirish mumkinligiga e’tibor qarating. Kichik tajribadan keyin bunday tahlil 10 daqiqagina vaqtingizni oladigan bo‘ladi.
Javobgarlikka o‘rganish
Loyihaning uddasidan chiqa olmasak, buning sabablarini o‘ylab topaveramiz. Javobgar bo‘lish ko‘pchilik o‘ylaganidan ancha oson. «Aybdorni izlash»ning o‘rniga xatolarni tahlil qilishni o‘rganing – shu xolos.
Eslab qolish texnikasi
Mnemotexnikalardan birini o‘zlashtirish foydadan xoli bo‘lmaydi. Bunday tajriba sizga muhim narsalar, sanalar, kishilarning ismi va shu kabi boshqa ma’lumotlarni yodda saqlash imkonini beradi. Bundan tashqari, xotirani rivojlantirish miyaning kundalik hodisalarga munosabat bildirish darajasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi. Boshqacha qilib aytganda: xotirangizni mustahkamlang – aqliy salohiyatingiz oshadi.
Rejalashtirish
Kundalik rejalashtirish – samarali kunning asosi. Aksariyat odamlar rejalashtirishga ko‘p vaqt ketadi, deb o‘ylashadi. Biroq kelasi kunning asosiy maqsadlarini yozishga 7-10 daqiqa yetarli bo‘ladi. Bu mayda yumushlarga chalg‘imaslik va belgilangan maqsad sari harakat qilishga yordam beradi.
Pomodoro texnikasi
Taym-menejment hayotida biror narsaga erishishni xohlovchi har bir inson uchun juda muhim. Bugungi kunda vaqtni nazorat qilish bo‘yicha eng yaxshi texnikalardan biri Pomodoro texnikasidir. Uni o‘rganish oson: taymerda 25 daqiqalik vaqtni belgilang – har 25 daqiqada hech narsaga chalg‘imay, faqat shu ishni bajaring.
Fikr bildirish
Sharhlash uchun siz saytga kirishingiz lozim.