Aksariyatning fikriga ko‘ra, yaxshi rahbarlar – so‘zsiz ekstravert bo‘ladi, ular tavakkalga asoslangan qarorlarni qabul qilishni yaxshi ko‘rishadi. Biroq bu tasavvurlar haqiqatga qanchalik yaqin? Kompaniyalar rahbarlarini top-menejerlardan nima ajratib turadi? Eng asosiysi – qaysi shaxsiy fazilatlar ularga muvaffaqiyatga erishishda yordam beradi?
Korporativ zinapoyaning eng yuqorisida turgan odamlar to‘g‘risida ko‘plab afsonlar to‘qishadi, ularning muvaffaqiyatini nima belgilashini aniqlashga bo‘lgan urinishlarning cheki yo‘q. Shunday qilib, kompaniyaga yangi rahbar tayinlayotganda nimalarga e’tibor berish kerak?
Bugungi kunda bozorlardagi vaziyat o‘zgaruvchan bo‘lgani bois bu masala muhim ahamiyatga ega, zero raqamli innovasiyalar an’anaviy biznesning deyarli barcha jihatlarini shubha ostiga qo‘ymoqda. Aynan shuning uchun Russell Reynolds Associates kompaniyasi Hogan Assessment Systems bilan hamkorlikda haqiqatni yolg‘ondan ajratish hamda yetakchilikning asosiy belgilarini aniqlash maqsadida tadqiqot o‘tkazishga qaror qilishdi. Natijada ma’lum bo‘ldiki, g‘ayratlilik, ustuvor yo‘nalishlarni belgilay olish va muammoning mohiyatini anglash qobiliyati kompaniyani boshqarishda o‘z-o‘zini reklama qilish va ekstroversiyadan-da muhim ahamiyat kasb etadi.
Bizning uslubimiz olingan ma’lumotlarning yuqori darajada ishonchliligini ta’minlaydi deya o‘ylaymiz, unda ko‘proq psixomketrik ma’lumotlar bazasi qo‘llangan. Bu muammo bilan shug‘ullanuvchi boshqa tadqiqotchilar esa, qoidaga ko‘ra, suhbatlar o‘tkazishgan, rezyumeni tahlil qilishgan va hatto ovozli patternlarni o‘rganishgan.
Biz butun dunyo bo‘ylab 200 kompaniya rahbarining batafsil psixometrik profilini yaratib, yanada chuqur yondashuvni tanladik. Buning uchun biz uch usulni qo‘lladik.
Ulardan biri «16 omilli shaxsiy so‘rovnoma» (16PF) bo‘ldi – u insonga umumiy baho (o‘zaro munosabat o‘rnatish ko‘nikmalari, hissiy omillar, muloqot o‘rnatish usuli va barqarorlik) berish imkonini beradi.
Ikkinchisi esa – «Professional shaxsiy so‘rovnoma» (OPQ-32), u boshqaruv usulini (boshqa odamlarga ta’sir o‘tkazish, innovasion fikrlash va o‘z-o‘zini motivasiyalashga yondashuv) aniqlashga yordam beradi.
Oxirgisi esa – «Xogan rivojlanish zonalari tahlili», u qarorlar qabul qilish usuli va fikrlash erkinligini o‘z ichiga olgan salohiyatli omillarni bildiradi. Olingan ma’lumotlar Hogan’dagi hamkorlarimiz tomonidan tuzilgan 700 rahbar namunasi bilan taqqoslangan. So‘nggi bosqichda biz bosh direktorlar parametrlarini o‘zimizning ma’lumotlar bazamizdagi top-menejmentning 9 ming boshqa vakillari ko‘rsatkichlari bilan taqqosladik.
Bizning tahlilimizga ko‘ra, kompaniyalar rahbarlari boshqa boshqaruv vakillaridan sezilarli darajada farq qiladi. Umumiy fonda, ayniqsa, ikki xususiyat ajralib turgan:
· tavakkal qilishni o‘z zimmasiga olish;
· taqdim etilgan imkoniyatlardan foyda olishga yo‘naltirilgan qat’iy xatti-harakatlarga moyillik.
Biz bu xususiyatlar haqiqiy bosh direktor shaxsining asosini hosil qiladi, deb hisoblaymiz. Boshqacha qilib aytganda, kompaniya bosh direktori odatda rahbariyatning qolgan vakillariga nisbatan ehtiyotkorroq bo‘lmaydi va o‘z harakatlarida qa’iy turadi.
Bundan tashqari, kompaniya rahbarini boshqa top-menejerlardan ajratib turuvchi olti sifat mavjud:
· Serg‘ayratlik va ishchanlik;
· Ijodiy fikrlash;
· Kelajakni «ko‘rish» qobiliyati;
· Jamoaviy qurilish;
· Faol ma’lumotlar almashinuvi;
· Odamlarni mobillashtirish qobiliyati.
Eng yaxshi rahbarlar natijalarini u qadar omadli bo‘lmagan hamkasblari ma’lumotlari bilan taqqoslab, shu narsa ma’lum bo‘lidiki, birinchi guruh uch xususiyatga ega bo‘lgan:
· maqsad sari dadil qadam tashlash;
· yuqori darajali g‘ayrat;
· qat’iyat.
Bu xususiyatlar ko‘pincha g‘ayratlilik, sabrsizlik, intiluvchanlik va dadillik tarzida namoyon bo‘ladi.
McKinsey tadqiqotchilari yaqindagina ishga kirishgan bosh direktorlarga oid kuzatuvlarini chop etishdi. Qisqa qilib aytganda, ular eng yomoni – yangi direktorning «qo‘l qovushtirib o‘tirishi» ekanligini ta’kidlashgan. Eng samarali faoliyat ko‘rsatuvchi rahbarlar esa «qat’iy va tez harakat qilishadi hamda o‘z kompaniyalarida o‘zgarishlar qilishga intilishadi». Ular ishning mohiyatini tushunishga harakat qilib, muammolar ildizini ko‘ra bilishadi, bundaylar tashqi va ikkinchi darajali detallarga chalg‘imaslik xususiyatiga ega. Ular o‘z o‘y-xayollari va xatti-harakatlarida ustuvor jihatlarni to‘g‘ri ko‘ra bilishadi. Biz buni «bug‘doyni somondan ajratish qobiliyati» deb ataymiz.
Yaxshi rahbar tashkilot oldida turgan har qanday jiddiy muammo, qiyinchilik va tahdidlarni seza biladi. Tashqaridan bo‘ladigan maslahatlar, takliflar va muhokamalarga qaramay, ular kompaniya manfaatini himoya qilishga qaratilgan nuqtai nazarlarini saqlab qolishadi. Bir necha yil avval Ram Charan HBR bilan «murakkab qarorlarni qabul qilish» kontekstida shu haqida suhbat qurgan. Hozirda biz ana shunday vaziyat rivojini kuzatishimiz mumkin, masalan, chakana savdoda turli yo‘nalishdagi kuchlar bosh direktorlar uchun juda murakkab landshaft yaratayotganini ko‘rishimiz mumkin. Tarqatish kanallarining ko‘payishi va raqamli, onlayn hamda xalqaro riteylning paydo bo‘lishi rahbarlarni iste’molchi talablaridan boxabar bo‘lish, globallashuv omillari, xalqaro qonunlar va valyutalar kursini doimo yodda saqlashga majbur qiladi. Bu biznesdagi kompaniya rahbarlari duch keladigan muammolarning bir qismi, xolos. Ularni ko‘proq tashkilot kelajagi, uning ko‘rsatkichlari, natijalari va o‘z manfaatlaridan ko‘ra boshqa odamlar ehtiyojlari ko‘proq tashvishga soladi. Haqiqiy rahbarlar o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri baholay bilishadi, hodisalarga real ko‘z bilan qarashadi, doim qo‘shimcha ma’lumot olishga harakat qilishadi va yangiliklarni o‘rganishga tayyor bo‘lishadi. Rahbar kishida ushbu xislatlar mujassam bo‘lishiga Uorren Baffet yorqin misol bo‘la oladi.
Umuman olganda, omadli rahbarning yagona va universal profili yo‘q. Har bir alohida holatda direktorlar kengashi o‘z tanlovini amalga oshirishdan avval keng ko‘lamdagi parametrlar va shart-sharoitlarni chuqur tahlil qilishlari kerak bo‘ladi.
Agar direktorlar kengashi muvaffaqiyatni yanada oshirish istagida haqiqatda yetakchi rahbarni yollamoqchi bo‘lsa, interv’yu olib, nomzodlarning shaxsiy xislatlarini baholashlari va ularning orasidan eng munosibini tanlashlari zarur. Birinchi navbatda muammoning ildizini ko‘ra biladigan, keyin esa o‘z pozisiyasida qat’iy turadigan kishida tanlovni to‘xtatishi kerak. Bunday xislatlar har qanday kompaniya uchun foydali bo‘ladi.
Muallif haqida: Din Stamulis Russell Reynolds Associates kompaniyasining Rahbarlik g‘oyalari markazini boshqaradi, kompaniyalarning direktorlar kengashi va bosh direktorlariga rahbarlik jamoalari tuzish hamda top-menejment rivoji masalalari bo‘yicha tavsiyalar beradi.
Fikr bildirish
Sharhlash uchun siz saytga kirishingiz lozim.