Erkak ayol qalbini tushunmaydi, hurmat qilmaydi, deb kim aytdi? Kim aytgan bo‘lsa ham yolg‘on. Ayolni ayol tushunmagan bir paytda erkak hammasini dilida his etib, tan olgisi kelmasa ham yuragi eshilib turadi. Erkakda ham yurak, qalb va o‘ziga yetadigan aql bor.
Faqat jig‘iga tegib, kun-kunora bir xil diskni aylantiravermasangiz bas: «Menga yaxshi gapirmaysiz”, «Tilla olib bermaysiz”, «Shu kiyimingizni yeching”, «Soqolingizni oling”, «Komp’yuteringizni o‘chiring…»
Bilmaysizki, taqdir qarshingizdagi insonni qayta tarbiyalanish uchun emas, g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, sevib, ardoqlab yashashingiz uchun sizga tuhfa qilgan. Uni turtkilab, «unday bo‘ling, bunday deng” deb tortqilayversangiz, sizni dildan tushunib turgan eringiz to‘nini teskari kiyadi, ko‘nglingiz tugul, umuman, o‘zingiz bilan ham ish bo‘lmay qoladi. Erkaklarning o‘zidan boshqa hech kim bilmaydigan bir shiori bor: «Xotin, meni yaxshi bo‘lishimni istasang, yaxshi qilishga urinma”. Quyida ayollar aytishdan to‘xtamaydigan, erkaklar esa eshitishni istamaydigan gaplarni tahlil qilamiz.
Romantika talab qilishni to‘xtating
U sizga guldasta sotib olmaydi, restoran u yoqda tursin oddiy oshxonaga olib kirmaydi. Tuzukroq «sms» yozishni ham bilmaydi. Siz bularni yuziga solaverasiz.
Oxirgi diydiyongizni eslab qoladi-da, keyingi safar boshqacha bo‘laman, deb o‘ziga o‘zi va’da beradi. Lekin ko‘pincha podadan oldin chang chiqarasiz, «tug‘ilgan kunim yaqinlashyapti, har doimgidek onamdan boshqa hech kim tabriklamaydi”ga o‘xshagan gaplarni aytasiz. Qarabsizki, eringiz g‘ururi sabab siz kutgan romantikani yaratib berolmaydi. Ammo u o‘zicha sizga atalgan yaxshiliklarni qilmoqchi bo‘ladi, buni tilingizga chiqarmay tushunib olishingizni, xijolatga qo‘ymasligingizni xohlaydi. Masalan, axlat chelakni aytmasangiz ham bo‘shatib keladi, ogohlantirmasangiz ham ro‘zg‘or qiladi, bolalaringizni sayrga olib chiqadi, ertalab ko‘proq uxlay qolsin deb, ishga choyini ichmay ketadi. Ba’zan siz bilan serial tomosha qiladi.
Ba’zan o‘zimiz tushunchalar borasida xato qilamiz: romantika deganda tasavvurimiz atirgullar, shamlar, restoran, umumqabul qilingan xayollardan nariga o‘tmaydi. Muhabbat, avvalo, g‘amxo‘rlik degani haq gap bo‘lsa, eringiz hech bo‘lmaganda kuniga bir marta romantikani taqdim etgan hisoblanadi..
O‘zingizni pirogning ikkinchi bo‘lagi bilan siylayotganingizda sevimli yubkangiz belingizni qisib qolgani, oxirgi vaqtda besh kilogrammga semirganingiz haqida o‘ylang-da, «Semiribmanmi, adasi, faqat to‘g‘risini ayting”, degan savolni ichingizga yuting. Yoki bo‘lmasa, sochingizni kestirib, gajak (chyolka) tushirganingiz uchun o‘zingizni noqulay his qilayotgan bo‘lsangiz: «Yaxshi turmayaptimi, rostini ayting”, deb uni ham qiynamang. Bunday savollar bilan uni tanlovga majburlaysiz: yoki yolg‘on gapirishi, yoki tavakkal qilib fikrini aytishi kerak. Ikkala holatda ham siz javobdan qoniqmasligingiz turgan gap. Ishoning, turmush o‘rtog‘ingiz sizni xijolatga qo‘yayotgan o‘zgarishlarni, o‘zingiz aytmasangiz, sezmaydi! Undan ko‘ra muammoingiz bilan faol kurashishga vaqt sarflang.
Meni o‘zgartirishga urinma!..»
Eringizni sevasiz, lekin uning bitta kiyimga yopishib olishi, uxlamay futbol ko‘rishi, sochini oldirish uslubini yoqtirmaysiz.
U juda yaxshi er, lekin undan o‘zingiz istagan odamni yasab olishni istaysiz. Marhamat qilib, doim tanqid qilishni to‘xtatsangiz. Chunki insonning qiziqishlarini inkor etaversangiz, u ataylab ham ikki oyog‘ini bir etikka tiqib, o‘zinikini ma’qullab turaveradi. To‘g‘ri, juftliklar vaqti kelganida bir-biri uchun o‘z istaklarini qurbon qilishadi, o‘zaro hamohanglikka erishish uchun kichik odatlaridan voz kechadi yoki ularni yumshatishga harakat qiladi. Ammo insonga qadrli bo‘lgan o‘rganishlaridan bir kunda judo qilish, yoki hadeb niqtayverish hurmatsizlikka kiradi. Eringizni boricha hurmat qilishni boshlasangiz, u kutganingizdan ham ko‘prog‘ini beradi. Shuning uchun rangi uniqib ketgan futbolkasini tashlab yuborishga shoshilmang-da, yoniga o‘zingiz sotib olgan yangi ko‘ylakni taxlab qo‘ying. Natija tezda o‘z so‘zini aytadi
Fikr bildirish
Sharhlash uchun siz saytga kirishingiz lozim.