Mayda janjallarning yirik sabablari! Odamlar hayoti misolida…

Er-xotin arzimas narsani deb janjallashaverar ekan. Oxiri ruhshunosga murojaat qilishibdi.

— Janjal nimadan chiqadi? — so‘rabdi mutaxassis.
— Tish pastasidan, — debdi xotin. — Men erimga «tish pastasini tagidan boshlab siqish kerak», desam, u nuqul o‘rtasidan siqadi.

— Alohida-alohida tish pastasidan foydalana qolinglar.

— Ie, unda nimaning ustida janjallashamiz?!

Ana shunaqa! Urishishga xohish bo‘lsa kifoya, bahona har doim topiladi. Ba’zida bema’ni ikir-chikirlarni deb guldek oila barbod bo‘layotgandek tuyuladi. Biroq ho‘kizning shoxiga ursangiz, tuyog‘i zirqiraganidek, har qanday mayda muammoning ham yirik sababi bo‘lishi tayin. Demak, sabablarni ruhshunos Shahnoza XALILOVA bilan birgalikda muhokama qilamiz.

1-vaziyat. Er injiqmi yoki xotin epsiz?

Xotin: — Erim bilan sevishib turmush qurganmiz. To‘ygacha hammasi yaxshi edi. Ammo oila qurishimiz bilan erimni xuddi birov almashtirib qo‘ygandek bo‘ldi. U bo‘lar-bo‘lmasga jahl qilaveradigan, injiq va xudbin kimsaga aylanib qoldi. Bir haftalik kelinligimdayoq «Moshxo‘rdaga nega kartoshka solding?» deya janjal qilib, qon yig‘latgan. Shundan keyin qanchadan-qancha urush-to‘polonlar bo‘lib o‘tdi. Qizig‘i, ularning bari arzimas narsalardan chiqardi. Masalan, erimning 4 ta shimi bo‘lib, ulardan 3 tasi javonda dazmollangan, taxt tursa-da, negadir aynan dazmollanmagan shimni kiygisi keladi va janjal ko‘taradi. Koshki boshqalarga ham shunday bo‘lsa. Yo‘q, hammaga muloyim, mulozamatli… Menga qolganda arzimas bahona bilan janjalni boshlaydi. Oila qurganimizga yetti yil bo‘ldi. Ortiq chiday olmayman…

Er: — Men ayolimning befarosatligidan kuyaman. O‘ziga nisbatan zarracha e’tiborsizlikni ko‘tara olmaydi. Masalan, atirgulni sevishini aytgan ekan. Men esa buni unutib, chinnigul sovg‘a qilganim uchun rosa arazlagandi. Ammo unga kartoshka qo‘shilgan moshxo‘rdani yomon ko‘rishimni ming marta aytganman. Biroq hamisha moshxo‘rdaga kartoshka soladi. Nega? Meni mensimaganidanmi yoki jahlimni chiqarish uchunmi? Dasturxonga sochiq va chiqindilar uchun likop qo‘ygin, deb yetti yildan buyon javrayman. Ammo biron marta shu ishni o‘zicha qilganini eslolmayman. Har safar mening bir tanbehimni eshitib, keyin likop va sochiq keltiradi. Nahotki, shunchalar qiyin, iloji yo‘q narsani so‘rayotgan bo‘lsam?! To‘g‘ri gapga kirmaganidan keyin janjal qilaman-da!

Mutaxassis fikri: — Haqiqiy muhabbat bilan qurilgan oilada munosabatlarning qisqa fursatda bunday keskinlashuvi kam uchraydigan holat. Boshida har qanday injiq erkak ham mayda kamchiliklarga bunday keskin reaksiya bildirmaydi. Erning bu tarzdagi munosabati ortida jinsiy hayotdagi muammolar yashiringan bo‘lishi kerak. Er-xotin bu haqda ochiq gaplashib ko‘rishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bundan tashqari, ikki qaysar odam faqat o‘z talablaridan boshqa narsani ko‘rmas ekan, murosa haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Agar ayol oilasida tinchlik o‘rnatmoqchi bo‘lsa, erining tartib-qoidalarini qabul etib, kerak joyda ustalik bilan o‘z talablarini o‘tkazishga harakat qilishi kerak. Aks holda oila buziladi yoki yosh bir joyga borganda o‘tgan umrdan nadomat chekiladi.

2-vaziyat. Sergap kelin

Qaynona: — Kelinim ziyoli, oliynasab, bama’ni insonlarning farzandi. Biroq ayrim ishlari bilan ko‘chada katta bo‘lgan qizlarni eslatadi. Unga «suhbatdoshingizning gapini bo‘lmang» deb ming marta aytganman. Ammo kattani katta, kichikni kichik demay, oraga lop etib suqilib, o‘zining aytadiganini aytib oladi-da, ketaveradi. Bu yoqda siz kalavaning uchini yo‘qotib qolaverasiz. Axir har gapning mavridi, o‘rni bor-ku? Bu ham mayli, sergapligini aytmaysizmi? O‘g‘lim sho‘rlik kamgapgina edi, shunga uylangach, umuman gapirmay qo‘ydi. Faqat kelinning o‘zi shaqillagani-shaqillagan. Nuqul qayoqdagi bekorchi gaplar, g‘iybatlar, yetti ko‘cha narida yashaydigan odamlarning muammolarini gapiradi. Uyda o‘tirib, shuncha ma’lumotni qaerdan topadi, bilmayman. Tanbeh bersam, gap ko‘tarolmaydi. Shuning orqasidan qaynona-kelin ko‘p janjallashadigan bo‘lib qolganmiz. O‘zi chaqqon, pazanda, saranjom-sarishta ayol. Ammo ko‘p gapirish odati oiladagi tinchlikni buzayapti.

Kelin: — Yangi kelinlik paytlarimda hech gapirmasdim. Shunda qaynonam qo‘shnilarga, «Kelinim pismiq ekan. Hammaning oldida jim yurarkan-u, bor gapni oqizmay-tomizmay eriga aytarkan», debdi. Buni eshitib, rosa xafa bo‘ldim

. Keyin esa o‘zimni gapdan tiymaydigan, ko‘nglimdagini ochiq aytadigan odat chiqardim. Har holda, ichga solib, siqilib, yetmaganiga «pismiq» degan nom olgandan yaxshiroq-da! Nima qilay, erim men bilan dildan gaplashay demasa, qaynonam bilan oddiy suhbatimiz ham janjalga aylanaversa. Oxiri, yo‘l-yo‘lakay o‘ylaganimni aytadigan, biror suhbatdosh topilsa, miriqib gaplashadigan bo‘lib qoldim.

Mutaxassis fikri: — Kelini bilan muammolar sabab menga murojaat qilgan qaynonaga har doim bir savolni beraman: «Keliningiz sizga o‘zingizni eslatmayaptimi?». Inkor qilishga shoshilmang. Nima uchun keliningizning aynan sergapligi sizga kuchli ta’sir qilayapti? Agar bu kamchilik siz uchun jiddiy muammo darajasiga yetgan bo‘lsa, uni bir muddatga e’tibordan qochirishga harakat qiling. Yaxshisi, diqqatingizni kelinning yaxshi jihatlariga qarating. Biz eng ko‘p e’tibor qaratadigan narsamiz rivojlanadi va ko‘payadi. Hozircha siz keliningizning kamchiligi kuchayishiga hissa qo‘shayapsiz. Kelin, siz esa hayotga, yashashga qiziqishi, energiyasi to‘lib toshgan ayolsiz. Faqat bu energiyani to‘g‘ri yo‘naltira olmayapsiz. Biror kasb bilan shug‘ullaning, ishga kiring yoki qiziqarli va foydali mashg‘ulot toping. Muammoga ijobiy yondashuv nafaqat uni bartaraf etadi, balki kutilmagan muvaffaqiyatlarga ham sabab bo‘ladi.

3-vaziyat. Jizzaki va beg‘am

Er: — Ayolim bilan 15 yildan beri tinch-totuv yashab kelayotgan edik. Biroq oxirgi ikki yilda munosabatlarimiz juda yomonlashib ketdi. Arzimas narsalarga jig‘ibiyroni chiqib, janjal ko‘taraveradigan bo‘lib qolgan. Masalan, poyafzalimni ostonadan tashqarida yechishimni talab qiladi. Oyog‘imni yechmay ichkariga bir qadam qo‘ysam bormi, qiyomat qo‘padi. Sochiqni joyiga ilmaganim, yotoqning ustidagi yopqichni ko‘tarmay uxlab qolganim yoki piyozni 100 so‘m qimmatroqqa olganim ham katta janjalga sabab bo‘lishi mumkin. O‘zimni minalab tashlangan maydonda yurgandek his qilayapman. «Oyog‘imni qaerga qo‘ysam portlamas ekan?» degan xayolda yashash kishini ham ma’nan, ham jismonan charchatadi. Uzoq-uzoqlarga qochib ketgim kelayapti.

Xotin: — Qaysi ayol «janjalkash» degan nom olgisi keladiki, men istasam. Men ham shirinso‘z, mehribon, dilbar ayol bo‘lgim keladi. Biroq bu er deganiga to‘g‘ri gapni tushuntirib bo‘lmasa nima qilay? Oshxonadagi jo‘mrak buzildi, santexnik chaqirish kerak, deb olti oy muloyim gapirdim. Hech natija chiqmadi. Oxiri bir janjal ko‘taruvdim, ikki soatdayoq hal bo‘ldi. Shundan keyin talablarimni qattiqroq ovozda va qat’iyroq ohangda aytadigan bo‘ldim. Aks holda erim boqibeg‘am bo‘lib yuraveradi. Erta-indin qizimizga sovchilar kelishni boshlaydi, biz esa ro‘zg‘ordan bir tiyin orttirib, orzu-havas uchun pul yig‘a olmayapmiz. Erim «bir gap bo‘lar» deyishdan nariga o‘tmaydi. Istasam-istamasam, asabiylashaman-da! Necha yillar muloyim bo‘ldim, ammo birim ikki bo‘lmadi. Endi ozgina tishlarimni ko‘rsatsam, bu kishimning ko‘zlariga dunyo tor bo‘libdi. Bo‘lmasa, o‘zi ham ro‘zg‘orning u yoq-bu yog‘iga qarab, ertani o‘ylasin-da!

Mutaxassis fikri: — Bu vaziyatda ikki muammo bor: birinchisi — ayol uchun farzandlar birinchi, er esa ikkinchi o‘ringa o‘tgan. Farzand dunyoga kelishi bilan ayol unga butun borlig‘ini berib, erini esidan chiqarib qo‘yishi juda ko‘p uchraydigan hol. Ikkinchisi esa iqtisodiy muammo. Qiziga sep yig‘ish — ayollarning orzu-havasi, erkaklarning emas. Shuning uchun er bunga mablag‘ orttirish haqida bosh qotirib o‘tirmaydi. Ammo erning omadi chopishida xotinning roli juda katta. Bu erkakda esa ishlash u yoqda tursin, yashashga ham rag‘bat qolmaganga o‘xshaydi. Erkak uchun oila — xordiq chiqarish, kuch to‘plash va yangidan-yangi g‘alabalarga ilhomlanish uchun bir qo‘rg‘on. Bu qo‘rg‘onning bekasi malikalardek yashashni istasa, o‘z erini qirol deb bilishi kerak. Xotin erining kichkina bo‘lsa-da muvafaqiyatlarini e’tirof etib, undan faxrlanishini ko‘rsata olsagina, maqsadiga yetadi. Shundagina erini yana-da ko‘proq ishlashga rag‘batlantiradi. Omadsizligini hadeb yuziga solaverish orqali esa erini o‘zidan bezdiradi yoki ruhan o‘ldiradi. Unutmang, jazodan qo‘rqib harakat qilish hech qachon ijobiy natija bermaydi. Mukofot esa barchani ilhomlantiradi. Eringizga ishoning. Uning er yoki «qaro yer» bo‘lishi sizning qo‘lingizda.

Xulosa

Muammoni yo‘q deb faraz qilganingiz bilan, yo‘qolib qolmaydi. U yoki bu tarzda o‘zini namoyon qilib turadi. Yaxshisi, juftinzning nimasi sizni qoniqtirmaydi, munosabatlaringizning qay jihatidan norozisiz — barini ro‘y-rost tan olib, o‘zaro muhokama qiling. Shundagina muttasil janjallarga barham berishingiz hamda asablaringiz, sog‘lig‘ingiz va baxtingizni asrab qolishingiz mumkin.


Do‘stlaringizga ham ulashing

Tavsiya etiladi

30 ta eng ruhlantiruvchi hikmatli so’zlar

30 ta eng ruhlantiruvchi hikmatli so’zlar

«Muhim ahamiyatga ega bo’lgan nimaiki yaratilgan bo’lsa, albatta u kuchli tartib asosida tashkil etilgan». — Andrew Hendrixson«Vaqtingizni devorga urib, undan eshik paydo qilishga sarflamang». — Coco Chanel«Yaratuvchanlik – bu aqlan vaqtichog’lik qilishidir». — Albert Einstein«Optimizm muvaffaqiyat va baxtga boshqa har...
Kechki romantika – er va xotin yaqinlik munosabatlari nega sovub boradi?

Kechki romantika – er va xotin yaqinlik munosabatlari nega sovub boradi?

Suhbatlarda so‘rash xijolatli mavzu… Bugungi sirlashadigan mavzuyimiz - Er xotin munosabatlari sovushining sabablari va yechimi… Jinsiy aloqa haqidagi ko‘plab kitoblarda uni takomillashtirish yo‘llari ko‘rsatilgan. Aloqaning turlicha ko‘rinishi, har xil holatlar, aloqadan oldingi va keyingi vaziyat va hokazo. Ushbu maslahatlarni yig‘sa...
Qaysi temperament odamisiz? Aniqlaymiz

Qaysi temperament odamisiz? Aniqlaymiz

"TEMPERAMENT" Temperament insonning tug‘ma xususiyatlarini ifodalovchi jihatidir. Temperamentning 4 ta asosiy turi mavjud: SANGVINIK - kuchli, harakatchan, muvozanatlashgan.XOLERIK - kuchli, harakatchan, muvozanatsiz.FLEGMATIK - kuchli, sust, muvozanatli.MELANXOLIK - kuchsiz, muvozanatsiz, g‘amxo‘r. Qaysi temperamentga tegishli ekanligingizni tekishirib ko’ramiz. Quyidagi vaziyatni o’qib chiqib,...
Motivatsiya haqida tushuncha qaysi vaziyatda kerak bo‘lishi

Motivatsiya haqida tushuncha qaysi vaziyatda kerak bo‘lishi

Motivatsiya haqida tushuncha qaysi vaziyatda kerak bo‘lishi. Motiv (psixologiyada) - inson faoliyatida muayyan maqsadni bajarishga sabab bo‘luvchi omil, vaj. Motivatsiya shaxsni harakatga va faoliyatga undovchi, ehtiyojning yuksak shakli sifatida paydo bo‘luvchi ichki turtki hisoblanadi. Ehtiyoj va instinkt, mayl va hissiyot,...
Burjlar bo‘yicha mos juftliklar – Munajjimlar bashorati sizga mos juftlikni topishingizda yordam beradi

Burjlar bo‘yicha mos juftliklar – Munajjimlar bashorati sizga mos juftlikni topishingizda yordam beradi

Hut va Savr Hissiyotga beriluvchan Hutlarga aql bilan ish yurituvchi Savr to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib turadi. O‘z o‘rnida «savr» hamisha orzularga beriluvchi Hutni boshqara oladi. Mezon va Hamal Bu ikkisining dunyoqarashi deyarli bir hil. Barchaning e'tiborida bo‘lish, tashkiliy ishlarni do‘ndirish va...
Tug‘ilgan sanangiz siz haqqingizda so‘zlaydi

Tug‘ilgan sanangiz siz haqqingizda so‘zlaydi

Raqamlar yordamida inson xarakteri, uning qiziqishlari-yu taqdirini bashorat qiluvchi mutaxassislar har bir tavallud sanasining o‘z ta'biri borligi haqida ko‘p gapirishadi. Bundoq o‘ylab qarasangiz, ularning ta'rifu tavsifida jon bor! 1 raqami Oyning birinchi sanasida tug‘ilganlar ijodkortabiat, o‘z prinsiplarga sodiq, mustaqil fikrlovchi...
Kundalik munajjimlar bashorati

Kundalik munajjimlar bashorati

?Munajjimlar bashorati ⚡:ҚЎЙ (21. 03 — 20. 04) Бугун кўпроқ оилангизга эътибор қаратишингизга тўғри келади. Сабаби, рўзғорингизда муаммолар қалашиб кетган. Уйингиздагилар бу муаммоларни сизсиз бартараф эта олишмайди. Сизнинг ёрдамингиз уларга сув ва ҳаводек зарур. Ишхонадаги ишларни бажаришда пассивлик, бўшашиш, эътиборсизлик...
Qizlarga yoqadigan shirin va yoqimli gaplar ro‘yxati kerakmi?

Qizlarga yoqadigan shirin va yoqimli gaplar ro‘yxati kerakmi?

Qizlarga yoqadigan gaplar - chiroyli va shirin so‘zlarni amalda qo‘llash So‘zlar - odamlar o‘rtasidagi muloqotning asosiy usuli hisoblanadi. Ular o‘zlarida nafaqat ma’no, balki hissiy mazmun ham saqlaydi, shuning uchun ba’zi so‘zlar xafa qilsa, boshqalari esa, aksincha, jonlantiradi va kuch beradi....
«Mening xarakterim» nomli psixologik test!

«Mening xarakterim» nomli psixologik test!

Rasmdagi g'alati yuzlardan o'zingizga chiroyli ko'ringanini tanlab, xarakteringiz haqidagi ma'lumotlarni o'qing! TEST JAVOBLARI: 1-VARIANT: Siz juda baxtiyor insonsiz va har qanday muammoga qo'rqmasdan qarshi chiqasiz. Nimadir yoqmadimi? Yuziga ochiq aytasiz. Nimadir g'ashingizni keltirdimi? O'ylab o'tirmasdan yo'lingizdagi muammoni yo'q qilib tashlaysiz....
Inson haqida qiziqarli faktlar – siz bilmagan eng qiziq 101+ ma’lumot

Inson haqida qiziqarli faktlar – siz bilmagan eng qiziq 101+ ma’lumot

Inson haqida qiziqarli faktlar shu qadar ko‘pki, ularni bir sahifaga sig‘dirish ilojsiz. Biroq, barchaga qiziq bo‘ladiganlarini ajratib ko‘rsatish mumkin. Quyidagi ma’lumotlar bilan tanishib, o‘z bilimlaringizni yanada boyitishingiz mumkin. Odam haqida 101 fakt Inson tanasining qon bilan ta’minlanmaydigan yagona qismi -...

Fikr bildirish