Psixolog qabulidan lavha
Xotin: Men erimga ishonmayman. Kutib-kutib charchaganman. Bolalarim uchun yashayman. Boshqa nimayam qo‘limdan keladi. Ajrashib ketmayman-ku, to‘g‘rimi? Shu yashash yaxshimi endi? Bu hayot emas, bu nafas olish faqat!
Er: Ertalabdan kechgacha ishlayman. Ishdan kelsam, qovog‘idan qor yog‘ib xotinim kutib oladi. Qo‘lining uchida ovqat isitib beradi. Tongda baqir-chaqir bilan choy tayyorlaydi. Shu orada bolalarga baqirganini eshitib, ishga ketaman. Bolalarim ham ayolimning ovozidan bezor bo‘lib ketishgan.
O‘g‘il: Eeee, urishaverishadi. Ko‘pincha onamdan chiqadi urushish. Dadam esa, biror idishni sindirish bilan eshikni tepib, oynasini sindirish bilan ishga chiqib ketadilar. Men “kaaaatttta” odam bo‘lishim kerak. Chunki men ularga ishonmayman!
Qiz: Maktabdan uyga qaytgim kelmaydi, meni tushungan o‘rtog‘im bor. U bilan ko‘p orzular qilamiz. Men unga suyanaman, aytganini ham qilaman. Faqat, ota-onamga aytmang, u axir o‘g‘il bola…
Ota: Men xotinimga, xotinim menga va ikkalamiz farzandlarimizga ishonmaymiz ekan-da! Demak, farzandlarimiz ham bizga ishonishmaydi! Oilamda hech kim bir-biriga ishonmaydi deb o‘ylayman.
Psixolog: Odamlar bir-biroviga ishonmaganida nima bo‘ladi, bilasizmi? Ular bir-birlari bilan suhbatlashmay qo‘yishadi. Bir-biriga ishonchi yo‘qolgan oilalarda har-biri o‘zicha maqsad qo‘yishni boshlashadi. Ishonch yo‘qolgan oilalarda oila a’zolarining bir-biriga rahmi yo‘qoladi. Ular birga ovqatlanmay qo‘yishadi.
Ota: Oilaning har bir a’zosi o‘zicha alohida maqsad qo‘yishni boshlasa nima bo‘ladi?
Psixolog: Bunday holatda xotin erning aytganini qilmay qo‘yadi. Farzandlar ota-onaga qarshi chiqishni boshlashadi.
Fikr bildirish
Sharhlash uchun siz saytga kirishingiz lozim.