Hayotimizda shunday insonlar borki, ular har doim “Menga vaqt yetmayapti”, “Vaqt yetmayotganligi sababli, uydagi remontni tugata olmayapman”, “Uydagilarga vaqt ajrata olmayapman” deb nolishlarini ko‘p eshitamiz. Bu ro‘yxatni yanada davom ettirish mumkin.
Ammo har birimiz uchun bir sutka ko‘p emas, kam emas roppa – rosa 24 soatdan iborat. Lekin nimaga ba’zi bir insonlar butun kun mobaynida juda ko‘p va foydali ishlar qilishga ulgurishadi-yu, ba’zilari esa umuman hech narsa qilishga ulgurishmaydi. Hatto ba’zi vaqtlarda o‘zlarimiz ham shu kabi vaziyatlarga tushib qolamiz. Bunga sabablar bir qancha topiladi. Keling hozir biz bu sabablarning bir qanchasini ko‘rib o‘tamiz:
Birinchi va tez – tez uchraydigan sabablardan bittasi – bu bir ishni oxiriga yetkazmasdan boshqa bir ishga o‘tish. Ya’ni birinchi ishni oxiriga yetkazmasdan boshqa bir ishni boshlash, natijada bir qancha tugallanmagan ishlar yig‘ilib qoladi. Keyinchalik qaysi bir ishni qilishni bilmasdan boshimiz qotib qoladi. Shuning uchun oldin bir ishni tugatib, keyin boshqasiga o‘tish lozim.
Hamma ishni o‘zimiz bajarishimiz. Albatta aytishingiz mumkin, agar inson o‘zi shu ishni bajarishni uddalay olsa o‘zi qilgani ma’qul deb. Lekin ba’zan bu bizning boshqalarga ishonmasligimizdan ham kelib chiqishi mumkin. Ya’ni boshqa inson shu ishni mendek qila olmaydi deb fikr yuritishning oqibatidan ham kelib chiqadi. O‘ylab ko‘ring shu ishni boshqa bir insonga topshirib qancha vaqtni tejash mumkin. Bu yerda gap nafaqat vaqt haqida, balki boshqa bir insonga ham shu ishni qilishga imkoniyat berishimizda va u kishi shu ishni qilishni o‘rganishida.
Murojaatlarga yo‘q deb javob berishni bilmaslik. Dunyoda surbet insonlar juda ko‘p. Agar ishingizdagi hamkasblaringiz har doim Sizdan yordam so‘rab, lekin Siz ularga murojaat qilganingizda har qanday bahonalar topadigan bo‘lishsa, qat’iyan yo‘q deb javob berishni o‘rganing. Sizga ortiqcha ishning nima keragi bor, undan qolsa bu ishga haq to‘lashmasa. Undan ko‘ra siz bu vaqtni oilangiz bilan o‘tkazganingiz ma‘qul emasmi.
Vaqt o‘tishi bilan har birimizda juda ko‘p ishlar yig‘ilib qoladi. Qachonki biz esimizdan ko‘tarilgan ish esimizga tushsa, shu zahoti muhim bo‘lgan ishni qoldirib, darhol shu ishni bajarishga tushamiz. Shunday paytlarda erinchoqlik qilmasdan, qilishimiz zarur bo‘lgan ishlarning ro‘yxatini qilib chiqishimiz kerak. Shundan keyin vaqtimizni rejalashtirib birin ketin ro‘yxat bo‘yicha bu ishlarni bajarishga tushish zarur.
Ko‘pchilik insonlar “Ishlarni qilishga ulgurmayapman” deb aytishadi. Lekin bunga har kimning o‘ziga yarasha sababi bor. Shuning uchun, siz o‘zingizningdagi sababni topishga harakat qiling.
Fikr bildirish
Sharhlash uchun siz saytga kirishingiz lozim.