Unumli ish ko‘rsatish u qadar oson emas, biroq qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ro‘yxati to‘g‘ri tuzilsa, tashqi omillarga chalg‘imaslik va to‘g‘ri yo‘nalishda borishda o‘z-o‘ziga ko‘mak berilsa, rejalashtirilgan ishlarning katta qismini bajarishning uddasidan chiqish mumkin. «Layfxaker» nashri biznes va taym-menejment sohasidagi 7 oddiy usul haqidagi ma’lumotni taqdim etdi.
- Ertangi ishlar ro‘yxatini bugun kechqurun tuzing
Ishxonada ertalabdan bugun nima ishlar bilan shug‘ullanishingizni aniq bilmasangiz, hoynahoy, kunni besamar o‘tkazasiz. Ertangi ishlar ro‘yxatini bugun kechqurun tuzib qo‘ying, shunda ertalab kunni qanday ishlar bilan o‘tkazishingiz haqida aniq tasavvurga ega bo‘lasiz.
Bajarilishi lozim bo‘lgan har bir ishga taxminiy vaqt taqsimlang, shunda grafikka amal qilish oson bo‘ladi. Orada tanaffus qilishni ham unutmang. Eng muhim ishlarni yulduzcha yoki biror boshqa belgi bilan ajratib qo‘yishingiz mumkin.
- Kunni elektron pochtadan boshlamang
Ertalabdan elektron pochtaga chalg‘imang, yaxshisi darhol ro‘yxatingizdagi birinchi ishga kirishing. Pochta tahliliga esa kun davomida yarim soatdan vaqt ajrating. Masalan, 11:00 va 15:00da. Shunda ko‘proq ishlarga ulgurasiz.
Barcha qo‘ng‘iroqlar va xatlarga javob berish imkoningiz bo‘lmasa, shunchaki telefonni tovushsiz rejimga o‘tkazing va kiruvchi xabarlar funksiyasini o‘chirib qo‘ying.
- Ishni qiyinlaridan boshlang
Biz ko‘pincha eng murakkab ishlarni keyinga qoldirib, maydalaridan boshlaymiz. Buning natijasida esa yoqimsiz yuk hissini uzaytirganimiz va stressni yanada oshiramiz. Yaxshisi, avval eng qiyin deb topgan ishingizga kirishganingiz ma’qul, shunda uni tugallaganingizdan so‘ng faxr tuyg‘usidan zavqlanasiz. Qolgan ishlar esa silliq kechadi.
- Yig‘ilishlarda vaqtingizni tejang
Yig‘ilishga imkon qadar hamma narsani muhokama qilish uchun yetarli vaqt ajrating. Unga qatnashishi zarur bo‘lgan kishilarnigina taklif qiling.
Og‘zaki izohlarga ko‘p vaqt ketkizmang. Yaxshisi, ma’lumotni yozma taqdim eting. Asosiy ma’lumotni hamma oldindan yozma tarzda taqdim etganda edi, yig‘ilishlarda faqat qaror qabul qilishgina qolardi va ular odamlarning ko‘p vaqtini olmasdi.
- O‘zingizni bardam tuting
O‘zimizga ishonmagan paytlarimizda qiyinchiliklardan qocha boshlaymiz. Shu bois bardam bo‘ling va barchasini uddalashingizga ishoning. So‘nggi bor muvaffaqiyatli uddalagan murakkab loyihangizni yodga oling. Shunda uni boshlashingiz osonroq bo‘ladi va uni keyinga qoldirish istagi yo‘qoladi.
- Tanaffus qiling
Barchamiz ish kunimiz maksimal darajada unumli o‘tishini xohlaymiz, ba’zan esa tanaffus qilishga ham uyalamiz. Biroq qisqa tanaffus qilish kerak. Tanaffuslar miyani «qayta ishga tushirish» va kuch to‘plash, shuningdek qayta ishga kirishganingizda ko‘proq narsaga ulgurishga yordam beradi.
Dam olishni unutmaslik uchun mashhur Pomodoro usulini qo‘llab ko‘ring – 25 daqiqa ishlaymiz, 5 daqiqa dam olamiz. Boshqa usullardan foydalanishingiz ham mumkin, albatta. Asosiysi – unga doimo rioya qilish. Shuningdek Facebook va «VKontakte»kabi saytlarga kirishni bloklaydigan kengaytmalar ham chag‘imaslikka yordam beradi.
- Kun oxirida ishlar ro‘yxatini tashlab yuboring
Bugunga mo‘ljallagan ishlaringizning hammasiga ulgurmagan bo‘lsangiz, tugallanmagan ro‘yxatni ertangiga qoldirmang, bu sizning ruhiyatingizni cho‘ktiradi. Ro‘yxatni tashlab, yangisini tuzing va unga bugun ulgurmagan ishlaringiz va yangi punktlarni kiriting.
Fikr bildirish
Sharhlash uchun siz saytga kirishingiz lozim.