Omadli «ledy» bo‘lish oson ish emas, lekin uddasidan chiqsa bo‘ladi. Buning quyidagi 7 sirini kundaligingizga qayd qilib, kerakli vaqtda foydalana olsangiz, albatta omadga erishasiz!
Kundalik
Yil boshi yangi rejalar tuzish uchun ayni qulay palla. Kundalik daftar tuting-da, rejalaringizni yozib qo‘ying. Lekin vaqtlarini aniq taqsimlab chiqing. Yaqinlaringiz, qarindoshlaringizga qo‘ng‘iroq qilish, tavallud kunlari bilan tabriklashni katta-katta harflar bilan alohida qayd eting. Reja daftari bilan har doimgidan-da ko‘proq muvaffaqiyatga erishasiz.
Hamkasblar bilan suhbatda bo‘ling
Ish bilan ovora bo‘lib, o‘z qobig‘ingizga o‘ralib qolmang. Albatta hamkasblar bilan hamsuhbat bo‘ling. Shuningdek, ish yuzasidan bo‘ladigan uchrashuvlarga ham borishni kanda qilmang. Bu yo‘l bilan dunyoqarashingizni kengaytirasiz, ko‘proq yangiliklardan boxabar bo‘lasiz. Mazkur omillar esa muvaffaqiyat zinasiga navbatdagi odimni qo‘yishingizga asos bo‘ladi.
Tajribalardan cho‘chimang
Maqsadingiz sari faqat bitta yo‘ldan olg‘a borishga ko‘nikkanmisiz? Ha, deyishga shoshilmang. Chunki ba’zan boshqa yo‘llarni ham sinab ko‘rish kerak. Bu esa o‘zimga-o‘zim ortiqcha bosh og‘rig‘i orttirdim, degani emas. Yangi uslubni sinab ko‘rish tajribangizni oshiribgina qolmay, siz o‘ylagandan-da qiziqarli jarayonga aylanishi mumkin. Qolaversa, bir masalani qanday yo‘llar bilan hal etish imkoniyati borligini ham bilib olasiz. O‘zingizga qulay bo‘lgan qolipdan chiqing. Ko‘rasiz, natijasi sizni lol qoldiradi!
Tezamkor bo‘ling
Mablag‘ingizga aql bilan yondoshing. Ularni havoga sovurmang, axir pullarni daraxtdan terib yo yerdan supurib olayotganingiz yo‘q.
Ko‘p qirrali bo‘ling
Faqat ish haqida o‘ylab, unga butkul sho‘ng‘ib ketmang! Til o‘rganish kabi mashg‘ulotlar uchun ham vaqt ajrating. Keyin attang qilib, o‘zingizni zamondan ortda qolgandek his etishdan foyda yo‘q. Otni vaqt borida qamchilang! O‘zingizdagi imkoniyat, qobiliyatlarni har taraflama rivojlantirsangiz, omad ortingizdan quvib yuradi.
Dam olishga ham vaqt toping
Ish hech qachon tugamaydi! Shunday ekan, kino, sayr, dugonalaringiz bilan bir finjon qahva ichish uchun vaqt toping. «Yigirma to‘rt soat vaqt kamlik qiladi-ku, bu haqda gap ham bo‘lishi mumkin emas», deyapsizmi? Unutmang, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash o‘z qo‘lingizda!
Tarozining pallasini teng ushlang!
Barcha jabhalarni tarozining pallasida teng ushlab turishga erisha olsangiz, muvaffaqiyat kaliti qo‘limda deyavering. Ish ham, dam olish ham o‘z o‘rnida bo‘lsin. Eng asosiysi, me’yorni biling!
Fikr bildirish
Sharhlash uchun siz saytga kirishingiz lozim.