Haqiqiy ayol? U qanday bo‘ladi? Ojizami yo qat’iyatli, sovuqqonmi yo jo‘shqin? Balki har kuni har xildir? Bizning nafosatitimizga soya solib, atrofdagilarga mehr va go‘zallik ulashishimizga qo‘ymaydigan to‘siqlar ham bor. Xo‘sh, ular qaysilar?
Siz aksessuarlardan foydalanmaysiz. Bekor qilasiz! Ajoyib, boshqa hech kimda yo‘q ziraklar va bilaguzuklar, sumkayu sharflar – bular shunchaki libosni to‘ldiruvchi, yordamchi vositalar emas, ular sizdagi o‘ziga xoslikni, kayfiyatni ifodalaydi. Ular yordamida har kuni har xil ko‘rinishingiz mumkin.
Eringiz yoki bolalaringizni shunchaki quchoqlab qo‘ymaysiz. Vaqt yo‘qmi? Bo‘lmagan gap! Axborotingiz uchun, har qanday insonda kuniga kamida 8 marta quchoqlashish ehtiyoji bor. Bu o‘zimizni xavfdan holi va qulay his qilishimiz uchun kerak. Demak, yaqinlaringizni ko‘proq quchoqlang va ularning quchog‘ida bo‘ling.
Kuylash va raqs tushishdan uyalasiz. Hatto yolg‘iz qolganingizda hammi? Bilsangiz, raqs va qo‘shiq o‘zingizni, his tuyg‘ularingizni ifoda etishning ajoyib usuli. Ular stresslar va vahimadan qutulish hamda ichki imkoniyatlaringizning yangi qirralarini kashf qilish uchun ham ajoyib vositadir.
Eringizga yori emas, onasidek munosabatda bo‘lasiz. “Boshingizga kiyib oling!”, “Tezroq, kech qolyapsiz!!!”, “Ovqatlandingizmi?” hadeb shunaqa tergab so‘rayverishingiz uning joniga tegadi. Axir, yosh bola emas-ku.
Hamma narsani nazoratda ushlab turish istagingiz tufayli doim asabiysiz. Nazorat qilishga juda ko‘p kuch va ruhiy quvvat kerak. Lekin baribir hamma narsani idora qilish qiyin. Bu bilan naqadar muhim, tengi yo‘q beka (xodima, ona, ayol) ekanligingizni doim isbotlagingiz keladi. Bu esa o‘zingizga nisbatan ishonchning kamligini ko‘rsatadi.
Oxirgi bir yil davomida siz biron yangi ishni qilib ko‘rmadingiz, yangi hech nima o‘rganmadingiz. Ammo yangi hissiyotlar, taassurotlar va imkoniyatlar – yoshlikni bardavom qilishning eng yaxshi usuli. O‘z-o‘zingiz bilan musoboqa hayotiy quvvat beradi.
Uyquga muntazam to‘ymaysiz. Uyquga to‘ymaslik xarakter uchun ham, tashqi ko‘rinish uchun ham zarar, sizga aytsam. Unutmang, tungi soat 24 gacha bo‘lgan vaqt uyquning eng foydali qismidir.
Siz oilada lidersiz. Eringizdan ustun bo‘lishga intilasiz. Ushbu hol tashqaridan qaraganda ham shundoq ayon. Bu sizni ojiza, nozik va nafosatli, mehribon ayol degan obrazingizga hecham yopishmaydi. Tizginni turmush o‘rtog‘ingizning qo‘liga topshiring.
Doim oxirgi so‘zni aytishni istaysiz. Yaqinlaringiz sizni qattiqqo‘l o‘qituvchi yoki komandir obrazida ko‘rishadi, ammo aslo mehribon ona va sevimli yor emas. Mustaqillik, kuch, qattiqqo‘llik – erkaklarga xos sifatlar. Buni unutmang.
Uy ishlarini yomon ko‘rasiz. Ammo toza va sarishta uyda fayz bo‘ladi, odamlar bu uyga talpinadi, uning bekasiga tasannolar o‘qiydi. Bu ham ayollikning yaxshi sifatlaridan biri.
Hayotingizda ijodkorlikka umuman o‘rin yo‘q! Ammo xobbilar va qiziqishlar hayotimizni yanada yorqinroq qiladi. Albatta, uy yumushlari ko‘p vaqt va kuchingizni olib qo‘yadi, ammo shuning uchun ham o‘zingizga quvonch baxsh etadigan mashg‘ulot topishingiz kerak. Qani, o‘ylab ko‘ring-chi, sizga nima yoqadi? Rasm chizishmi, to‘qishmi, ovqat pishirishmi yo suratga olish?
Doim biron narsadan nolib yurasiz. Pessemizm tufayli faqat muammolarni ko‘rasiz. Bundan qoshlaringiz o‘rtasiga ajin tushib qolishini bilasizmi?
Tanangizning o‘ziga xos ishoralarini tushunmaysiz. Qorningiz ochdimi, charchadingizmi – sezmaysiz, ishlayverasiz. Ammo hech kim sizning o‘rningizga ovqatlanib yo dam olib berolmaydi. Tanangizga quloq soling, uni avaylang.
Fikr bildirish
Sharhlash uchun siz saytga kirishingiz lozim.