❗️#Farzand_tarbiyasi
BOLALARNI ALDAMANG . . . !
Tilimizga oʻrnashib qolgan, oʻzimiz bilmagan holda ishlatib, farzandlarimizni yolgʻonchilik va oʻziga nisbatan ishonchsizlikka olib kelishi mumkin boʻlgan iboralar mavjud. Biz ularni kundalik hayotda oʻzimizning halovatimizni oʻylab ishlatamiz. Lekin ularning bola ruhiyatiga taʼsiri salbiydir. Ularni siz ham ishlatgansiz:
1. «Qoʻrqma, ogʻrimaydi!»
Biz bolani davolayotganda (ukol, yaralarni bogʻlashda) mana shu gapni aytishimiz tabiiy hol. Lekin bu jarayonlar ogʻriqsiz boʻlmasligi hammaga ayon. Shu gapdan soʻng ogʻriqni his qilgan bola ota-onasiga ham, shifokorga ham ishonmay qoʻyadi.
2. «Sen qolaver, men ketdim!»
Oʻynayotgan bolani uyga olib ketish uchun aytgan gapingizdan soʻng bola qoʻrqqanidan yigʻlagancha ortingizdan yuguradi. Siz maqsadingizga yetdingiz, shundaymi? Lekin bola bu tahdid yolgʻon ekanini bilmaydi va bir kuni meni tashlab ketishlari mumkin, degan fikrga kelib qoladi. Bu holning takrorlanishi esa uning ota-onasining muhabbatiga boʻlgan ishonchini parchalab boradi. Balki farzandingiz yana ozgina oʻynagani yaxshiroqdir, nima dedingiz?
3. «Barakalla, yaxshi bajaryapsan!»
Toʻgʻri, bolani ragʻbatlantirib turish kerak. Lekin agar bu me’yordan ortiqcha boʻlsa, 30 yoshga kirganida ham dastroʻmolchasini oʻzi yuvgani uchun maqtov eshitishni xohlab turadi. Maqtamasangiz, ragʻbatlantirmasangiz, hech bir ishni qilishni xohlamaydi. Shuning uchun bola ulgʻaygan sari u bilan gaplashishning me’yorlariga amal qilgan maʼqul.
4. «Mana, yetib qoldik!»
Yoʻlda yigʻlayotgan bolani koʻndirish uchun eng yaxshi usul, toʻgʻrimi? Lekin kun kelib bola ham mana shunday yolgʻon ishlata boshlashiga rozimisiz?!
5. «Bilmayman!»
Juda koʻp savol berish bolalarga xos odat. Ularning savollariga erinmasdan javob bering. «Bilmayman!» degan javobni dunyodagi eng bilimli insonlar deb hisoblagan ota-onasidan eshitgan bola uchun bu juda qattiq zarba hisoblanadi. Ayniqsa, javobni tarbiyachisidan yoki boshqa birovdan eshitgan bolaga bu yanada ayanchliroqdir. Endi uning nazarida ota-onasidan ham aqlli insonlar bor. Siz bunga qanday qaraysiz?
6. «Oʻylab koʻramiz!»
Hammamiz bilamizki, bu «yoʻq» degan gapning boshqacha koʻrinishidir. Bolada umid uygʻotib, uni aldab nima qildik?! «Yoʻq!» deb qoʻyaqolaylik! Uning har bir iltimosiga «Xoʻp!» deyishimiz shart emas.
Fikr bildirish
Sharhlash uchun siz saytga kirishingiz lozim.