Bu savolga javob berish asnosida har bir ayol turlicha fikr bildiradi. Kimdir uchun internet o‘ziga xos yangiliklar olami, virtual bo‘lsa-da, go‘zal dunyo, boshqa birovlar uchun esa ishga unum baxsh etuvchi benazir vosita. Chindan ham,ayollar interneti o‘zgacha bir olam. Ular virtual sahifalarda hayotlaridagi hamma narsani – turmush, bola-chaqa, bozor-o‘char, ro‘zg‘or, atir-upayu pardoz-andozni aks ettiradilar. Ayollar tarmog‘ida kunning eng muhim xabari – biror shou-biznes yulduzining shaxsiy hayotidagi o‘zgarish yoki ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan (!) makiyajning yangicha usuli bo‘lishi mumkin.
Nimani izlayapsiz?
Internet tarmog‘ida ayollarga bag‘ishlangan ko‘p ming sonli saytlar bor (ularning aniq sonini hali hech kim hisoblab chiqmagan). Shuni ham aytish kerakki, xotin-qizlarni internetda faqat ularning o‘zlariga mos saytlar qiziqtiradi, deganlar adashadi. Oddiy misol: agar siz uydagi komp’yuter orqali internetga kirsangiz va turmush o‘rtog‘ingiz ham undan foydalansa, tarmoqqa bog‘langaningiz hamon birinchi navbatda, brauzerning tarixini tekshirasiz, to‘g‘rimi? Eringizning qaysi saytlarga kirayotgani, nimalarni o‘qiyotganiyu kimlar bilan muloqotda bo‘layotgani siz uchun qiziq. Barini “tekshirib” ko‘rgach, tashvishga hojat yo‘q bo‘lsa, xotirjam tortib, boshqa sahifalarga o‘tasiz.
Aslida, ayollarga bag‘ishlangan saytlar mundarijasiga bir ko‘z yugurtirishning o‘zi, kifoya, biz internetdan nimani izlashimizni tushunib olasiz. Chunki talabga yarasha taklif bo‘ladi-da. Mana, ayollar saytlarining taxminiy mundarijasi: «Moda», «Go‘zallik», «Salomatlik», «Muhabbat», «Pazandalik», «Psixologiya», «Oila», «Mashhurlar», «Xobbi», «Sayohat»… Saytga kirgan ayol yuz terisi uchun yangi niqob reseptini, qaynona bilan munosabatlarni yaxshilash usullarini, o‘smir farzand bilan duch kelinishi mumkin bo‘lgan muammolarni bilib oladi. Erkaklarni esa bunday «intellektual vinegret» aqldan ozdirishi mumkin! Shuning uchun ularga mo‘ljallangan saytlarda avtoolam alohida, huquq sohasi alohida, yangiliklar va moliya mavzulari bo‘lak-bo‘lakjoylashtirilgan. Tayyoriga o‘rgangan alplar ayollar saytlariga kirishmaydi (kirmay qo‘yaqolishsin, o‘zimizning sirlarimiz bor!). Bilsangiz, xotin-qizlarga atalgan sahifalardagi bunday aralashlik atay qilinadi, go‘yo polizga qo‘yilgan qo‘riqchidek, ayollarga xos saytlardan erkaklarni “quvadi”. To‘g‘ri-da, axir, xonimlarning virtual “bog‘”i turli-tuman gulu lololarga liq to‘la. Va shularning bari bir kun asqotadi.
Xullas, ayollar intenetdan nekbinlik, maslahat, hamsuhbat va eng muhimi (balki ayanchlisi) – baxt izlashadi.
Virtual «g‘iybatxona»
Internet sarhadlarida ayollar forumlarining ham o‘z o‘rni bor. Bu yerda ayollar turli mavzularda dardlashadilar, g‘iybatlashadilar, fikr almashadilar, bahlashadilar… Ayollar forumi, bir qarasangiz, xotinlar chaqchaqlashib o‘tiradigan ko‘chadagi o‘rindiqni, yana bir boqsangiz, ruhshunos qabulini eslatadi. Mana, ayollar forumiga yozilgan xatlardan biri:
«Dugonajonlar, maslahat bering. Boshimizga bir tashvish tushdi. Ukam Yevropada yashaydi. O‘qishga ketganicha besh yildan oshdiki, kelay, demayapti. Uni uylantirish uchun onam ikkimiz ne-ne qizlarni topib, rasmini jo‘natdik. Ammo u oila qurishga hech rozi bo‘lavermadi. Tunov kuni esa yevropalik qizlardan biriga uylanishini aytib, xat yozibdi. U bilan qaerda, qanday tanishgan, bilmaymiz. Eng yomoni, ukam yakkayu yagona o‘g‘il. U qizga uylansa, umuman uyga qaytmay, bir umr begona yurtlarda qolib ketadi».
Yoki:«Turmushimda halovat bo‘lmay, ajrashgandim. Bugun maktabdagi birinchi muhabbatim – sinfdoshim menga sovchi qo‘yib, ikkinchi xotinlikka taklif qilayapti. O‘zimning ham unda hamon ko‘nglim bor, ammo ikki bolaning otasini oilasidan sovutib, tegib olsam, qarg‘ishga qolishni o‘ylab, siqilayapman…»
Bu hikoyalarning mazmunidan ham ko‘ra, ularga yozilgan sharhlaru maslahatlar qiziq. Negaki, har kim o‘z tajribasi, ijtimoiy mavqei va dunyoqarashidan kelib chiqib, maslahat bera boshlaydi. Bir payt qarasangiz, bu o‘gitlar minglab ovozlar ishtirokidagi xorga aylanib, nimanidir tushuntirayotgan, nasihat o‘qiyotgan, yupatayotgan yoki gij-gijlayotgan bo‘lib chiqadi. Yarim yo‘lga borib esa mavzu umuman yangi pirog resepti yoki qo‘shni qizning g‘iybatiga burilib ketishi ham mumkin!
Ijtimoiy tarmoq: yaxshimi yoki yomon?
Keyingi paytda ayollarning ijtimoiy tarmoqlarga ruju qo‘yishi oilaviy ajrashishlar, fotiha buzilishi kabi noxush holatlarga ham sabab bo‘layotgani bot-bot tilga olinmoqda. Shubhasiz, bu gaplarda jon bor. Ammo shunisi ham borki, «Odnoklassniki» yoki «Facebook»dan sahifa ochgan ayollarning barchasi ham oilasi bilan ajrashib, yomon yo‘lga kirib ketayotgani yo‘q. Noxush holatlar shunchaki sholi orasida uchrab turadigan kurmaklar.
Endi eng qizig‘ini eshiting: ijtimoiy tarmoqda ko‘p o‘tiradigan ayollar semirib ketar ekan! Bu ilmiy isbotlangan haqiqat. hushyor bo‘ling, xonimlar! hammasiga sabab kamharakatlik va chatda yozishib o‘tirganingiz payt bilmay yeb qo‘yadiganingiz ortiqcha kaloriyalardir. Qolaversa, hali oila qurmagan qizlarning ruhiy ahvoli ijtimoiy tarmoqlar tufayli yomonlashar, ularda tushkunlik, jizzakilik kuchayar, o‘zlarini yanada baxtsiz his qilar ekanlar. Chunki ular tarmoqdabaxtini ko‘z-ko‘zlaydigan xonimchalarning maqtanchoq «statuslari», yaltir-yultir rasmlarini ko‘rishadi, chat orqali ermakka gaplashib o‘tiradigan yigitlar hurmatsizlik qilayotganidan xafa bo‘lishadi.
Niqob ortidagi haqiqat
Ruhshunoslarning fikricha, shaxsiy hayotidan mamnun, o‘ziga ishongan ayol tarmoqda asl ism-sharifi (hatto bir emas, ikkita familiyasi)ni aniq ko‘rsatadi. «Maftuna Asal», «Nozli Nozanin», «Joni» kabi tuturiqsiz taxallus sohibalarining esa tarmoqdan sarguzasht izlashi, shubhasiz. Yoshi, jinsi, hatto asl qiyofasini yashirib, turli ekran yulduzlari chehrasini niqob qilib oladiganlar esa o‘ziga ishonmagan ayollardir.
Kuni kecha ajoyib bir status o‘qib qoldim: «Kishining «avatarka»si uning ichki dunyosiga mutanosib ravishda turlanib boradi». Erkaklarda qanday bilmadim-u, bu nuqtai nazarni ayollarga nisbatan bemalol qo‘llash mumkin. Chunki ularning ijtimoiy tarmoqlarda kundan-kunga o‘zgarib turadigan qiyofalari bilan tabiatlaridagi beqarorlik o‘rtasida bevosita bog‘liqlik bor.
Hushyor bo‘ling, erkaklar!
Internet baribir virtual olam. Barcha ijobiy xislatlarini e’tiborga olganda ham u real hayot bilan bahslasha olmaydi. Shu ma’noda agar rafiqangiz virtual olam bilan real hayot o‘rtasidagi chegarani yo‘qotib borayotgan bo‘lsa, bunga o‘zingiz sababchisiz, hurmatli erkaklar! Zero, er kishi ayolning hayotini hamisha, har kun yorqin va rango-rang bo‘yoqlarga to‘ldirishi kerak. Ana shunda hech bir sayt va tarmoq ayolning e’tiborini qozona olmaydi.
Fikr bildirish
Sharhlash uchun siz saytga kirishingiz lozim.