Zamonaviy ayol qanday bo’lishi kerak? Darrov tilingizga «o’qimishli», «chaqqon», «ishda omadi chopgan», «uyni ham, ishni ham eplaydigan», «tutgan joyidan kesadigan» va hokazo sifatlar keladi. Ammo ilg’or biznes-ledi niqobi ostida nozik, inja va himoyaga muhtoj ayol bor. U bir vaqtning o’zida yaxshi uy bekasi, mehribon ona, sevimli yor, e’tiborli dugona va yana ijtimoiy faol inson bo’lmog’i kerak. Shu o’rinda tabiiy savol tug’iladi: bularning bariga u qanday ulguradi?
Biz kuchlimiz!
Zamonamiz ayollarining vaqti juda tig’iz. O’ylagan ishlarining barini amalga oshirishga ko’pincha fursatlari yetmaydi. Davr shiddatiyu voqealarning tez rivoji esa «ulgurish» muammosini yanada o’tkirlashtiradi. Ish, uy, bolalar, oila, bozor-o’char, dugonalar… Albatta, o’z tashqi ko’rinishini ham unutmasligi lozim. Shu sababli ayollar ko’p narsani qurbon qilishlariga to’g’ri keladi.
Bir qarashda hammasiga ulgurish imkonsizdek. Ammo bekorga ayolning joni qirqta deyishmagan. Buni hatto olimlar ham tasdiqlashgan. Ularning aniqlashicha, ayollar organizmidagi quvvat (energiya) erkaklarnikiga nisbatan ko’proq ekan. Bundan tashqari, ayollar ijobiy taassurotlar, jo’shqin tuyg’ular vositasida bu energiyani yanada ko’paytirish qobiliyatiga egadirlar. Masalan, oddiygina bozor aylanishu dugonalar bilan ikki soat g’iybatlashuv ayol kishiga naqd bir oyga yetarlik quvvat bag’ishlaydi! Asosiysi, ayol qiladigan ishidan zavq olsin, uni istab, sevib bajarsin.
Ishlaydigan ayol qachon dam oladi?
Ishlaydigan ayollarning kundalik yugur-yuguri erta tongdanoq boshlanadi. Ular quyosh bilan birga turadilar desak, mubolag’a bo’lmas. Nonushta tayyorlash, o’ziga qarab olish, bolalarni bog’cha yoki maktabga, erni ishga kuzatish, keyin tiqilinch jamoat transportida yoki tirband yo’llar aro shaxsiy ulovda ishxonaga yetib olish, kun bo’yi ishlab, kechqurun yana o’sha bitmas-tuganmas tashvishlarga to’la ro’zg’or bag’riga qaytish… Bu zamonaviy ayolning umumlashtirib qisqacha bayon etilgan kun tartibi.
Shoshmaymiz!
Aksar ayollar hammasiga ulgurish uchun shoshadilar, shoshqaloqlik esa, ma’lumki, yaxshi natijalarga olib kelmaydi. Zamonaviy ayolning hordiq chiqarishga umuman vaqti yo’q. O’ziga qo’l silkib, holdan toyguncha ishlash kun kelib sog’liqqa shunday pand beradiki, keyin uni tiklash oson bo’lmaydi. Shu sababli birinchidan, hech shoshmang, ikkinchidan esa, albatta dam olishga vaqt toping. Vaqtdan samarali foydalanish uchun esa ishlaringizni avvaldan rejalashtirib oling.
Reja tuzamiz!
Buning uchun, avvalo, qiladigan ishlaringizning ro’yxatini tuzing. Keyin ularni uch guruhga ajrating. Birinchi guruhga kechiktirib bo’lmas, zarurlarini kiriting. Keyingi ikki guruhga esa zarur-nozarurligiga qarab boshqa ishlarni tartib bilan qo’shishingiz mumkin. Rejaga butkul amal qilib yashash imkonsiz, shu sababli vaqtingizning ellik foizini rejalashtiring, qolgan elligini esa kutilmagan holatlar uchun zahirada ushlang. har kuni qilmasa bo’lmaydigan yumushlar bor, masalan, uy yig’ishtirish, ovqat pishirish. Ularga ma’lum vaqtni ajrating va televizor, telefon, kompyuter kabi chalg’ituvchi vositalarni unutgan holda belgilangan vaqtda shu ishlarni bajarishga ulguring.
Pishir-kuydir «operatsiya»si
Ovqat pishirishda vaqtni tejash uchun o’z tajribamdan ayrim maslahatlarni bermoqchiman. Keyingi paytlarda juda qiziqarli ijodiy rejalarim paydo bo’ldi. Ularni amalga oshirish uchun, tabiiyki, vaqt va kuch kerak. Lekin qorin har kuni ochadi-da. Shunda osonroq va tezroq pishadigan ovqatlar retseptlariga qiziqishim uyg’ondi. Ularni o’rganib, ilk bora dam olish kunlari hech qayoqqa shoshmayotgan paytim tayyorlab ko’raman. O’xshasa, keyin pishiraveraman. Tayyorlanishiga uzoq vaqt ketadigan taomlar (xamir ovqatlar, tortlar, murakkab retseptlar)dan voz kechdim. Ularni faqat yakshanba yoki bayram kuni pishirishim mumkin.
Ovqat pishirishdan ham ko’ra nima ovqat pishirsam ekan degan tashvish ko’proq vaqt va diqqatni oladi. Shuning uchun avvaldan bir haftalik taomnoma tuzib, unga kerakli masalliqlarni ham tayyorlab olaman. Masalan, ertalab sochimga bigudi o’rab bo’lib, o’n daqiqada kechqurungi palovning sabzisini to’g’rab qo’yaman. Yoki ertalab uyg’onishim bilan qaynatma sho’rva solib, birpas qaynatib qo’ysam, kechqurun ishdan kelib tagini yoqib yuboraman, birpasda ovqat tayyor bo’ladi.
Reja bilan ishlash bir daqiqa bo’lsin vaqtingizning zoe ketishiga yo’l qo’ymaydi. hamm
Fikr bildirish
Sharhlash uchun siz saytga kirishingiz lozim.