«Xo‘p» deng
Er-xotin bir-birining fikriga qancha ko‘p qo‘shilsa, o‘zaro ishonch shunchalik ortadi. «Yo‘q, mening gapimni eshiting» degan gap uncha-muncha og‘ir-bosiq odamni ham quyushqonidan chiqarib yuborishi mumkin.
Onalar qizlarini turmushga uzatisharkan, “Xo‘p bo‘ladi” degan gap og‘zingdan tushmasin, deb bekorga kelin bo‘lmishning u qulog‘iga ham bu qulog‘iga ham quyishmaydi. Ammo yillar o‘tib, shu gap leksikonimizdan asta-sekin yo‘qolib ketadi. Vaholanki, shu so‘zning o‘zi qanchadan-qancha muammolarni oson yechishimizga, muammolarning kelib chiqishining oldini olishga sabab bo‘ladi.
Oila bilan ishni aralashtirmang
Ko‘pchilik ishdagi muammolarini uyida muhokama qilib, oila davrasida ham ishini o‘ylab siqilib o‘tiradi-yu, bu noto‘g‘ri ish bilan shaxsiy hayotingiz o‘rtasida oltin muvozanatni topmasangiz bo‘lmaydi. Agar bir holatdan ikkinchi holatga o‘tish qiyin bo‘lsa, qandaydir mashg‘ulot bilan shug‘ullaning. Uyga biroz piyoda ketish bu holatda ayni muddao. Uyda siz jiddiy xodim, qattiqqo‘l rahbar, o‘z ishining ustasi, zo‘r mutaxassis emassiz, suyukli yor va farzandlaringizning mehribon ota-onasisiz.
Yotog‘ingiz…
Yotoqxona faqat uxlaydigan joy emas, balki ikki qalb uchrashadigan makon. U yerda siz o‘zingizni baxtli his qilishingiz, o‘zingizni erkin his qilishingiz, munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishingiz muhim. Yaqinlikda son emas, sifat muhimligini unutmang.
Mehmonxona, oshxona, hovlini ozoda tutish bilan bir qatorda yotoqxonangizning ham shinam bo‘lishiga ahamiyat qarating. Jihozlarni bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirib turing, choyshablarni tez-tez almashtirib turing, xonani gullar va suratlar bilan bezating, xushbo‘y tutatqilar tutatib turing. Іali Yangi yil bayramiga ancha borligiga qaramay, yotoqxonagizni chiroqlar marjoni bilan bezating. Shunda kuzda paydo bo‘lib turadigan g‘am-g‘ussa o‘rnini shodon kayfiyat egallaydi.
Maqtang
Bir-biringizni maqtang, shirin so‘zlaringizni ayamang. Bu kayfiyatni ko‘taradi. Ko‘p yil yashab qo‘ygan juftliklar hissiyotlari haqida gapirmay qo‘yishadi, axir shuncha yil birga bo‘lganlaridan keyin hammasi tushunarlidek tuyuladi-da. Turmush o‘rtog‘ingiz qilgan biror mayda ishni maqtab qo‘ying, u siz uchun tog‘ni talqon qilib tashlaydi. Yoki ayolingizga malikadek muomala qiling… Uni taniyolmay qolasiz. Maqtash bu xushomad emas. Shuni unutmang. Juftingizning bor-yo‘q fazilaatlarini aytib, uni erkalatmang, faqat qilgan ishini e’tirof eting.
Sir saqlamang
Tez-tez o‘zingiz haqingizda ma’lumotlar berib turing. Orada qancha sir ko‘p bo‘lsa, shuncha tushunmovchiliklar kelib chiqaveradi. Іech kimga aytolmaydigan gaplaringiznigina ichingizda saqlang, ikkingizga tegishlilarini esa u ham bilishga haqli. Odam qancha ichidagini yashirishga harakat qilmasin, baribir bu uning yuzida, harakatlarida zohir bo‘ladi.
Vaqtingizni ko‘proq birga o‘tkazing
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, er-xotin birga bajaradigan umumiy mashg‘ulotlari qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Ba’zi yumushlarni birga qilishga odatlaning. Ro‘zg‘or ishlarida bir-biringizga ko‘mak bering. Agar erkak yoki ayol oiladagi majburiyatlarning ko‘pini yelkasiga ortib olgan bo‘lsa, bu ertami-kechmi nizolarni keltirib chiqaradi.
Qadimda erkak kishi pul topib kelgan-u, ro‘zg‘or ishlariga ayollar mas’ul bo‘lgan. Majburiyatlarning bunday taqsimlanishi ayni kunlarda ba’zi oilalarga xos emas. Ayollar erkaklar bilan teng ishlaydilar, ro‘zg‘or harajatlari ham taqsimlangan. Shunday ekan, erkaklar ham ro‘zg‘or ishlarining ayrimlarini bo‘yinlariga olishlari adolatdan bo‘lardi. Bu hech qanday uyat emas yoki g‘ururga tegadigan joyi ham yo‘q.
Xonadoningizga shinamlik kiriting
Mehmonxonangizdagi divanning ustiga zamonaviy choyshab xarid qiling, oshxonangizdagi dasturxon-sochiqlarni gullilariga yangilang, yotohqonangizga oqish gulqog‘ozlar yopishtiring. Kayfiyatingiz qanchalik ko‘tarinki, qalbingiz qanchalik xotirjam bo‘lsa, ikkinchi yarmingiz ham o‘zini xuddi shunday his qiladi.
Dam oling
So‘ngi maslahatimiz esa – bir miriqib… uxlab oling! Іali birorta horg‘in odam jamiyatga ham, oilasiga ham foyda keltirmagan. Er-xotindan birortasining yomon kayfiyati barcha oila a’zolarining kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatadi. Agar turmush o‘rtog‘ingiz, charchab qolayotganini sezsangiz, ertaroq yotib uxlashini tashkil qiling.
Er-xotinning totuv yashashidan ham osonroq, shu bilan birga undan qiyinroq masala yo‘qdek. Ammo nikoh rishtalari bilan bog‘langan ekansiz, munosabatlaringizning mustahkam bo‘lishi yo‘lida mehnat qilishdan horimang. Agar hech narsa qo‘lingizdan kelmayotgandek tuyulsa, sira tinchlik va hotirjamlikka erisha olmasangiz, to‘xtang! O‘zingizga quloq tuting. Qandaydir keskin harakatlar qilishdan avval ayni damdagi holatingizga baho bering. Agar oilangizni saqlab qolmoqchi bo‘lsangiz-u, buni qanday amalga oshirishni bilmasangiz, mayda narsalardan boshlang, avvalo o‘zingizni o‘zgartirishdan boshlang.
Fikr bildirish
Sharhlash uchun siz saytga kirishingiz lozim.