Odamlar ko‘pincha haqiqiy depressiya va qayg‘u hissini bir-biridan ajrata olishmaydi.
Klinik depressiya – bu shunchaki sizning istagingiz bilan o‘tib ketmaydigan tibbiy buzilish, haqiqiy kasallik. U kamida ikki hafta davom etadi va hayotning barcha jabhalarida jiddiy halaqit beradi. Tadqiqotchilar ma’lumotiga ko‘ra, dunyoning taxminan 10 foiz aholisi depressiya bilan kurashadi. AdMe.ru depressiya holatida yordam beruvchi bir necha usullar haqida ma’lumot berdi.
- Yordam topishga ko‘maklashing
Bemorga ehtiyotkorlik bilan professional yordam taklif qiling. Muayyan vazifalarni o‘z zimmangizga olganingiz yaxshi: shifokorlarning manzili va telefon raqamlarini toping, mutaxassisning huzuriga kirganda beriladigan savollar ro‘yxatini tuzib oling va h.k.
- Ma’lumotlar bilan bo‘lishing
Do‘stingizni o‘z holi uchun aybdorlik yoki uyat hissi qiynayotgan bo‘lsa, unga depressiyaning astma yoki diabet kabi kasallik ekanini tushuntiring. Bu zaiflik yoki xulq-atvorga xos xislat emas, insonning o‘zidan-o‘zi sog‘ayib qolishini kutish – singan qo‘lni o‘zi to‘g‘irlashdek gap.
Depressiya haqidagi ma’lumotlarni toping – u haqida qancha ko‘p bilsangiz, do‘stingizning qay ahvoldaligini shuncha yaxshi tushunasiz va uni qo‘llab-quvvatlaysiz.
- Depressiyani qayg‘u bilan adashtirmang
Depressiyaning qanday ahamiyatga ega ekanligini tushunib yeting. Agar sizning boshingizdan o‘tmagan bo‘lsa, depressiyani qayg‘u yoki alam kabi hislar bilan adashtirmang. Bu do‘stingizning kasallik uchun o‘zini aybdor sanashini kuchaytiradi.
- Kasallik haqida ochiq gapiring
Do‘stingiz bilan uning ahvoli haqida ochiq suhbatlashing. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, o‘z joniga qasd qilishga doir suhbatlar xavfning oldini oladi. Depressiyaning og‘ir shakli ana shunday natijalarga olib keladi.
Kasallik haqida ochiq-oydin suhbatlashish «ruhiy xasta» yorlig‘ini buzishga yordam beradi va bunday vaziyatda yordam so‘rash – normal holat ekanligini tushunishda muhim rol’ o‘ynaydi.
- Qo‘llab-quvvatlashda davom eting
Depressiya belgilari ko‘pincha sezilmaydi, chunki unga qandaydir tahlillar topshirib bo‘lmaydi. Shuning uchun do‘stingizning ko‘rinishi yaxshi bo‘lsa ham, uni qo‘llab-quvvatlashda davom eting.
Fikr bildirish
Sharhlash uchun siz saytga kirishingiz lozim.