— Turmush qurganimizga 17 yil bo‘ldi. Avvaliga hammasi yaxshi edi, ammo bir yillar chamasi erim bilan oramizga sovuqchilik tushgan. Urishmaymiz, janjallashmaymiz, lekin deyarli gaplashmaymiz ham. Oldin bundan siqilib yurdim, keyin erimning e’tiborini tortishga harakat qildim. Befarqligini sezsam ham sezmaslikka oldim, ishda bo‘ganida chiroyli «SMS»lar jo‘natdim, uyga kelganida yaxshi gapirdim — hech o‘zgarish bo‘lmadi. Oxiri mening ham tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushdi, hammasini o‘z holiga tashlab qo‘ydim. Xuddi erim kabi sovuqqon, befarq bo‘lib qoldim. Faqat zarur gaplarni gaplashamiz, tamom. Іatto, yotog‘imni ham boshqa qilib oldim. Erim esa hamon indamay yuribdi. U nima xohlayotganini aniq aytadigan odam emas, doim mendan birinchi qadamni kutadi. Uni o‘z holiga tashlab to‘g‘ri qildimmi? Qanday yo‘l tutsam bo‘larkan?
«Yo‘qolmasdan avval bormidi?»
Aslida, har qanday oilada ham ana shunday munosabatlar sovuqlashishi, his-tuyg‘ular sinovdan o‘tishi davri bo‘ladi. Bunday paytda ko‘p narsa ayol kishining sabri, egiluvchanligi, o‘tkirligi, mulohazakorligi va tadbirliligiga bog‘liq. Sovuqlashish faqat mehr-muhabbatning yo‘qolganligi tufayli ro‘y bermaydi. Erning ayoliga nisbatan befarqlashuvi sabablari ko‘p. Bu yurak tubida chuqur ildiz otgan muhabbatdan qat’i nazar yuzaga kelgan bo‘lishi ham mumkin. Shu tufayli avvalo sababni aniqlash kerak. Masalan:
• er ayolining avvalgi ayblari, xatolari uchun o‘ch olayapti (masalan, ayol unga befarq bo‘lgan, biror joyda uning boshini xam qilgan, uyda yetarlikcha iliq va shinam muhit yarata olmagan, egovlayverib bezor qilgan, onasi bilan chiqishmagan, bola tarbiyalashda xatoga yo‘l qo‘ygan va h.k.)
• aslida, avval boshdan xotinini sevmagan, shunchaki ehtiros va havasni muhabbat deb o‘ylab yashab kelgan, endi esa buni angladi;
• boshqa bir ayolga ilakishgan (balki uni sevib qolgan);
• erkak o‘rta yosh krizisini kechirayapti, gormonlar ham o‘ynayapti, shunga ayol zotiga, umuman hayotga qiziqishi so‘nayapti;
• ishida muammolari ko‘paygan, hammasini ichiga solayapti, uni ichdan nimadir ezayapti.
Ayol hislar so‘nishining sababini aniqlab olgach, shunga qarab ma’lum siyosat olib boradi, strategiyalarni belgilaydi, reja tuzadi.
Strategiya va taktika
Ko‘zguga boqing! Er-xotin munosabatlarining sovishiga olib keladigan sabablar orasida birinchi o‘rinni maishiy muammolar egallaydi. Kunda urish-janjal, o‘zaro kelishmovchiliklar har qanday ulkan mehrni ham yemirib yuborishi mumkin. Bepardoz yuradigan, doim nimadir yo‘qligidan noliydigan xotin bora-bora erkakning joniga tegadi. Aksiga olib ko‘chada baland poshna tuflida, sochlarini turmaklab, o‘ziga oro berib zamonaviy kiyinib yurgan notanish ayollar ko‘p. Ular ko‘proq e’tiboriga tushadi, xotini bilan ularni solishtirgan er notanish ayollar haqida tez-tez o‘ylay boshlashi ham tabiiy. Chunki Odam ato o‘g‘illari ko‘zlari bilan sevishadi, buni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Demak, o‘z ustingizda jiddiy ishlang. Pul va vaqt yo‘qligi, uy ishlari, bolalar bahona bo‘la olmaydi. Axir gap oilangizni saqlab qolish haqida ketayapti. Sevimli ayolning ayrim kamchiliklari kechiriladi (masalan, biroz kechikkan ovqat, hali dazmollanmagan ko‘ylak). Shuning uchun sizning oldingizda hozir birinchi navbatda eringizning muhabbati va ehtirosini olovlatirish vazifasi turibdi.
Jabrdiyda bo‘lmang! Yana bir keng tarqalga muammo — ayollarning ortiqcha darajada o‘zlari
ni qurbon qilishlari. Ko‘pchilik ayollar nikoh uzugini taqib, erga tegib olgach, o‘zlarini butunlay oila va bolalarga bag‘ishlab yuboradilar. Bu juda katta xato. Turmushga chiqdim deb o‘qishini, ishini tashlagan, aqlan va ma’nan rivojlanishdan to‘xtagan ayol er uchun qiziqarli bo‘lmay qoladi. Erkaklar xuddi zag‘cha kabi yaltiroq narsaga o‘ch bo‘lishadi. Faqat shart shuki, bu yaltiroqlik, yorqinlik nafaqat qobiqda, ichkarida ham bo‘lishi, ya’ni xotin turmush o‘rtog‘i uchun maroqli suhbatdosh, ilhom parisi, yangi qahramonliklarga, marrralarni zabt etishga undovchi, rag‘batlantirovchi zot bo‘lishi kerak. Faqat «ber-ber» deb o‘tiraveradigan ayoldan erkaklar bezadi, erkak kishiga ham ruhiy-emosional ma’noda nimadir berish kerak. O‘zingizda bo‘lmasa, qaerdan olib berasiz? Natijada, ishxonasidagi chiroyli kiyinib yuradigan, aqlli suhbatlar quradigan ayol uning esini o‘g‘irlaydi, tamom. Demak, ichki rivojlanishdan, harakatdan to‘xtamang. Chunki zerikish oilaviy munosabatlarni buzadigan kuchli omil, juftingiz siz bilan zerikmasligi kerak.
Begona ayolga joy qoldirmang. Xiyonat oilaviy munosabatlarda eng salbiy hislar uyg‘otadi: dil og‘rig‘i, alam, anduh, g‘azab. Bunday ahvolda vaziyatga xolis baho berish va to‘g‘ri yo‘l tutish oson emas. Bizda ayollar birinchi navbatda erlariga va o‘sha ayolga yopishadilar: yig‘i-sig‘i, ta’nalar va soch yulish esa vaziyatni og‘irlashtiradi, xolos. Erkaklar xudbinroq bo‘lishadi, ular o‘zlariga noqulay joydan qochadilar, bu hatto issiq oila qo‘rg‘oni bo‘lsa ham. Qo‘lingizdan kelsa, eplasangiz, faqat bir yo‘l bor: siz o‘sha raqibangizdan yaxshiroq bo‘lishingiz kerak. Shunday qilingki, uni sevmay qo‘ysin. Nima uchun unga intilayapti? Qomati chiroylimi? Demak, siz ham qomatingiz ustida ishlang. Fitnes zaliga borish uchun mablag‘ yoki vaqt topa olmasangiz, buni uyda ham amalga oshirishingiz mumkin. Ana qancha videodarslar, kitoblar bor bu borada. Chiroyli kiyinadimi? Siz ham shunday qiling! Turmush o‘rtog‘ingiz sizda yangi qiyofani ko‘rsa, befarq o‘tib ketishi mumkin emas. Kiyim uchun pul topa olmaydigan ayol esa yo‘q bu olamda. Shunchaki, hafsala topa olmaydiganlari uchrab turadi. Noz-ishvasi zo‘rmi? Buni siz ham eplaysiz, axir, ayolsiz-ku. Shunday qilingki, eringiz butun e’tiborini sizga sarflasin.
Eringiz shunchaki sizni sevmay qo‘ygan bo‘lsa-chi? Boshqa ayolga muhabbati yo‘q, ishida hammasi joyida, uyga har kuni vaqtida keladi, faqat endi muhabbat o‘ldi. Ba’zan shunaqasi ham bo‘ladi. Unda siz «tuyg‘uni tiriltirish» nomli katta jangga otlanishingiz kerak. Endi chiroyli ko‘rinishu qiziqarli suhbatlarning o‘zi kamlik qiladi. Endi qalban yaqinlik zarur. Unga sirdosh, do‘st bo‘lish kerak. Bunga esa faqat dildan, samimiy suhbatlashib erishish mumkin. Ko‘pincha ayollar erlari bilan birga kechki ovqatni yeyish masalasiga yengil qaraydilar: ishdan kelganida oldiga ovqatini qo‘yib bolalar bilan bo‘lib ketadilar. Ammo ruhshunoslar birga ovqatlanish munosabatlarni mustahkamlashning sinalgan va samarali usuli deyishadi. Demak, siz eringiz kelguncha ovqatlanmaysiz (yoki o‘zingizni ovqatlanmagandek ko‘rsatasiz) va albatta, har kuni kechki ovqatni u bilan birga yeysiz. Aynan shu jarayonda, ya’ni asablar bo‘shashgan, muammolar unutilgan, erkakning ichiga issiq kirib qulfi-dili ochilgan paytda u bilan yaqinlashish mumkin.
Іar nima qilsangiz ham, natija yo‘q bo‘lsa, unda vaqt hammasini yechadi. Yo siz shunday indamay yashab turasiz, yoki bu hayotni o‘zingizga ravo ko‘rmay hal qiluvchi qarorni qabul qilasiz. Lekin o‘sha qaror ham jahl ustida emas, obdan o‘ylab, aql bilan qabul qilinishi kerak. Albatta, har kimda ham yangi hayot boshlash imkoniyati va huquqi bor. Lekin baribir birinchi yor, farzandlarning otasi o‘rnini ayol uchun birov bosishi qiyin. Shuning uchun biroz vaqt passiv pozisiyaga o‘tib jarayonning borishini kuzatgan ma’quldir. Aslo janjal ko‘tarib, eringizning miyasi qatig‘ini chiqarmang. Erkak kishi, hatto, och qolishga ham chidashi mumkin, ammo aslo muttasil egovlanishga dosh bermaydi. Bunday ayoldan qochadi.
Xullas, ishni shu holiga tashlab qo‘yishga yoki ortga qaytar ko‘priklarni yoqib ketib qolishga shoshilmang. Zaxirangizda hali ko‘p qurollaringiz bor. Barini ishga solmay turib taslim bo‘ladigan, tan beradigan ahmoq yo‘q! Shunday emasmi? Demak, erning muhabbatini qaytarish operatsiyasini hoziroq boshlang. Albatta, siz hammasini eplashingizga ko‘zimiz yetadi.
Fikr bildirish
Sharhlash uchun siz saytga kirishingiz lozim.