Oiladagi “ob-havo”ni bir maromda ushlab turish ayol kishining qo‘lida, deydi mutaxassislar. Ammo tan olish kerakki, er-xotin munosabatlaridagi “iqlim” juda o‘zgaruvchan. Hozirgina oftob charaqlab turgan bo‘lsa, zum o‘tmay, yomg‘ir savalay boshlaydi! Albatta, yomg‘irdan qochib, do‘lga tutilmaslik ayol kishiga ko‘proq bog‘liq. Zero, u juftining fe’l-atvorini tushuna bilsa, har qanday “tabiat hodisa”sining oldini olish mumkin. Ana shu hayotiy haqiqatni inobatga olgan holda bugun erkaklar dunyoqarashini o‘rganish, juftimiz bilan muomala qilish san’atidan saboq olishni maqsad qildik.
Dasturxon atrofida… tadqiqot o‘tkazamiz!
Ruhshunoslar kuchli jins vakillarining ichki olamini o‘rganish uchun ularning bo‘yinbog‘ bog‘lashi, qo‘l harakatlari va imo-ishoralariga e’tibor qilishni tavsiya etishadi. Keling, har kuni yuzma-yuz keladiganingiz bir holat – juftingizning dasturxon boshida o‘zini qanday tutishiga qarab, fe’lini o‘rganish sirlari haqida gaplashamiz.
- Ishtahasi karnaymi?
Agar juftingiz tamaddi chog‘i o‘zini juda ochiqqandek tutib, pala-partish ovqatlansa, demak, u nihoyatda beqaror odam. Tez-tez va ishtaha bilan taomlansa, bilingki, uning fikrlashi ham tezkor. Єolaversa, har bir yumushni ishtiyoq bilan bajaradi. Ovqatlana turib, pishirig‘ingizni maqtasa, undagi mahsulotlarning foydali xususiyati haqida gapirsa, bu odamda har bir narsani mayda-chuydasigacha surishtirish odati bor. Shoshilmay, xotirjam ovqatlanadiganlar yaxshi tashkilotchi bo‘lishadi. Tayyorlagan taomingizdan norozi bo‘lib, ishtahasiz tamaddi qiladigan erkak esa xafsalasizdir. - Ovqat mahali so‘zlashsa…
Begingiz ovqatlanayotganida gapiradimi yoki og‘zidagi luqmani yutib bo‘lgachmi? Birinchi holat eringizda tez-tez kuzatilsa, bu uning fikrlash qobiliyati yaxshi ekanligidan dalolatdir. Bunday erkaklar o‘z xatti-harakatlarini qat’iy nazorat qila biladilar. Ikkinchi holatdagi erkak esa juda ochiq va soddadil kishi. U bilan istalgan mavzuda dildan suhbatlasha olasiz. - Dasturxon boshida gaplashmaymiz!
Turmush o‘rtog‘ingiz tamaddi vaqti so‘zlashmaslikni ma’qullasa, bu uning qat’iyati, o‘ziga bo‘lgan ishonchi belgisidir. Bunga javoban, siz ham qat’iyatli bo‘lishingiz lozim. - Sanchqini o‘ynatib…
Ba’zi erkaklarda ovqatlanayotib, qoshiq yoki sanchqini o‘ynatib o‘tirish odati bor. Bunday odamlar erkin fikr yuritishga moyil bo‘lishadi. Ya’ni atrofdagilarning ta’siriga tushmay, o‘z bilganlarini qilishadi. Aksincha, sanchqi yoki qoshiqni mahkam ushlab olgancha taom tanovul qiladigan erkak har narsaga shubha bilan qaraydi va o‘ziga nisbatan ishonchi sust bo‘ladi. - Taomdan so‘ng…
Turmush o‘rtog‘ingiz ovqatlanib bo‘lgach, likopcha ustiga sanchqi va qoshiqni qo‘yib, o‘rnidan qo‘zg‘alsa, bu, shubhasiz, namunali tarbiya belgisidir. U bilan baxtli hayot kechirish uchun har bir narsa-buyum o‘z o‘rnida bo‘lishiga e’tibor berganingiz ma’qul. Єoshiq yoki sanchqini yalab qo‘yish odati bor erkak, odatda, prinsipial kishilar toifasidan bo‘lib, unga ma’naviy ta’sir o‘tkazish juda mushkul. Bordi-yu, eringiz ovqatlanayotib, dam qoshiqni, dam sanchqini tushirib yuborsa, bilingki, unda kutilmagan qaror va takliflar bisyor. Bunday erkak bilan hayotingiz zavqli o‘tsa-da, birga yashash oson kechmasligi mumkin.
Tasavvur qiling-a, eringizning qo‘lida jarohat borligini ko‘rib qoldingiz. Shu paytda: “Buni qaerdan orttirdingiz? Dori surtdingizmi? Infeksiya tushsa, nima bo‘ladi? Qaerga qaradingiz?”, deydiganlar toifasidan bo‘lsangiz, demak, juftingizning fe’l-atvorini o‘rganishda davom etishingiz lozim. Chunki siz noto‘g‘ri yo‘ldan borayapsiz va bu holatda u sizga yaxshi muomala qilmasligi tayin. Ammo vaziyat boshiga qaytib, surishtiruv ishlarini boshlamay, jarohatga malham qo‘yishga oshiqsangiz, marra sizniki! Zotan, siz juftingiz uchun chinakam ma’noda malham bo‘lishingiz kerak. Shunda ahil-inoq turmush kechirasiz.
Juftingizning xarakterini yanada yaxshiroq tushunish uchun yana qanday holatlarga diqqat qilishingiz kerakligini bilasizmi? Bu haqida ertangi kechki romantikada suhbatlashamiz. Erkakning tashqi ko‘rinishi, yoqtirgan mahsulotlariga qarab fe’l – atvorini tahlil qilish hamda unga moslashishni o‘rganamiz.
Fikr bildirish
Sharhlash uchun siz saytga kirishingiz lozim.