Ko‘pincha biz shu qadar band bo‘lamizki, atrofimizda sodir bo‘layotgan voqealarni sezmay ham qolamiz. Keraksiz mashg‘ulotlarga vaqtni sarflashimiz esa, undan-da yomon. «Layfxaker» vaqtni to‘g‘ri taqsimlashning bir necha samarali usuli bilan bo‘lishdi.
Vaqtga to‘g‘ri yondashish juda muhim, chunki uni nimalarga sarflashimiz ko‘p narsalarni belgilab beradi:
⦁ biz kimmiz;
⦁ kim bo‘lamiz;
⦁ hayotda nimaga erishamiz;
⦁ boshqalar bilan munosabatlarimiz qanday;
⦁ hamma narsadan ko‘proq nimani qadrlaymiz.
Psixologiya va samaradorlikka oid maqolalari bilan tanilgan amerikalik bloger Benjamin Hardi har bir kunni to‘g‘ri yashab o‘tishga imkon beruvchi tamoyillar ro‘yxatini tuzib chiqdi.
Bugungi kun bilan yashang
Birinchi qadam – bu anglab yetish. O‘zingizga «Hozir nima qilyapman?», deya savol bering va ayni shu lahzalardan boricha bahra oling. Do‘stlaringiz bilan uchrashgan bo‘lsangiz, boshqa hech narsaga chalg‘imang – ular bilan muloqot qilib, zavq oling. Agar idish yuvayotgan bo‘lsangiz, diqqatingizni faqat shunga qarating va boshqa narsalar haqida o‘ylamang.
Qilayotgan ishingizni anglab yetish bilangina ish bitmaydi, albatta. Keraksiz mashg‘ulotga to‘liq berilish ham doimiy chalg‘ish kabi vaqtning zoe ketishiga olib keladi.
Yaxshi va eng yaxshisi orasidan tanlay biling
Har qanday vaziyatda o‘zingizga savol bering: «Vaqtimni bundan-da yaxshi o‘tkaza olamanmi?» Qilayotgan ishingizga 100 foiz ishonchingiz komil bo‘lmasa, to‘xtang. Buning o‘rniga biror foydali ish bilan shug‘ullanishingiz mumkin. Masalan, bolalar bilan birga fil’m tomosha qilish – yaxshi, lekin ular bilan faollashtiruvchi o‘yinlar o‘ynash – yanada yaxshi.
Siz hozirning o‘zidayoq ko‘plab foydali ishlar qilishingiz mumkin: sport zaliga borish, kitob o‘qish, do‘stlaringiz bilan muloqot qilish, oila davrasida vaqt o‘tkazish, lekin bularning orasidan qaysi biri eng yaxshi ekanini har kim o‘zi belgilaydi.
Doim to‘g‘ri yo‘l tuting
Har bir vaziyatni hal qilishning kamida ikki yo‘li bo‘ladi. Siz odatda qanday yo‘l tutasiz? Ertalab soat qo‘ng‘irog‘i chalinganda darhol o‘rningizdan turasizmi yoki tugmasini bosib, uxlashda davom etaverasizmi? Hamkoringizni maqtaysizmi yoki faqat tanqid qilasizmi? Suhbatdoshingizni eshitasizmi yoki asosan o‘zingiz gapirasizmi?
Har bir vaziyat – chorraha. Biz doimo qanday yo‘l tutishni tanlashimizga to‘g‘ri keladi, bunda to‘g‘ri yo‘lni tanlash esa yanada qiyin. Shunday bo‘lsa-da, sizda to‘g‘ri yo‘ldan yurish imkoni bor. Vaqt o‘tgani sayin yashab o‘tgan kuningiz va o‘z mehnatingiz samarasiga qarab, zavq ola boshlaysiz.
O‘zingiz istagandek bo‘lishga harakat qiling
Ertaga qanday bo‘lmoqchisiz? 5, 10, 20 yildan keyinchi? 80 yoshga to‘lgandachi? O‘zingizni kelajakda qanday ko‘rishingiz borasida bir qarorga kelsangiz, aynan o‘sha yo‘nalishda harakat qilishni boshlang. Aks holda, o‘zingiz istagandek inson bo‘la olmaysiz.
Shunisi qiziqki, insoniyatning atigi 2 foizi umrining oxirida kim bo‘lishini yodda tutib, o‘z hayotini to‘liq tasavvur qila olar ekan. Masalan, Ilon Maskning so‘zlarini yodga olaylik: «Men Marsda hayotdan ko‘z yumishni istardim. Faqat qo‘nish chog‘ida emas». Mana shu so‘zlar uning xatti-harakatlarini belgilab beradi. Sizning qarashlaringiz va qadriyatlaringiz umuman boshqacha bo‘lishi mumkin. Biroq siz ularga muvofiq harakat qilasizmi?
Xulosalar
Vaqtga munosabatni o‘zgartirish uchun doimiy tajriba kerak, albatta. Quyida vaqtni taqsimlashga yordam beruvchi bir necha oddiy va samarali usullar bilan tanishtiramiz.
⦁ Hozirda nima bilan bandligingizni yoddan chiqarmang. Ayni vaqtdan uzilib qolayotganingizni sezsangiz, o‘zingizni to‘xtating. Do‘stlaringiz yoki oila davrasida vaqt o‘tkazishga qaror qilgan bo‘lsangiz, telefoningizni mashinada yoki sizni chalg‘itmaydigan boshqa joyda qoldiring.
⦁ Asosiy qadriyatlar va maqsadlaringizni yozib boring. Umringizning oxirida o‘zingizni qanday ko‘rishni istar edingiz? Nimalarga erishishni xohlardingiz? O‘zingiz haqingizdagi tasavvurlar sizning «yaxshi» va «eng yaxshi»laringizni aniqlab beradi. Nimani xohlashingizni anglab yetsangiz, keraksiz narsalarni yaxshiroq ilg‘ay boshlaysiz.
⦁ Hayotingizni «eng yaxshisi»ga bag‘ishlashga halaqit beruvchi narsalardan xalos bo‘lishga harakat qiling yoki bu mashg‘ulotga qancha vaqt ketayotganini qat’iy nazorat ostiga oling.
⦁ Biror bir she’r, hikmatli so‘z yoki qo‘shiq – umuman,
sizga diqqatni jamlash va teran fikrlashga yordam beruvchi so‘zlarni yod oling. Sizni shubha-gumonlar va salbiy fikrlar qiynagan vaqtda yoki shunchaki xayolga berilganingizni sezsangiz, o‘zingizga o‘zingiz bu so‘zlarni takrorlang. Keyin oldingizga qo‘ygan maqsadlaringizni eslang. Vaqt o‘tgan sari bu sizga muayyan fikrlashi tizimini yaratishga yordam beradi va shunda siz aynan o‘zingiz istagan narsa haqida o‘ylashni odat qilasiz.
Fikr bildirish
Sharhlash uchun siz saytga kirishingiz lozim.